
Yarim himoyachi Niko Pas Milanning "Inter" klubi qiziqishlari doirasida bo‘lib turibdi. Bu haqda insayder Janluka di Marsio xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, xavbek shu yozda "Komo"dan Madridning "Real" klubiga qaytishi mumkin. "Qirollik klubi" futbolchini qayta sotib olish huquqiga ega. Shundan so‘ng, "neradzurri"lar "qaymoqranglilar" bilan Pasning transferi bo‘yicha kelishib olishga harakat qilib ko‘rishadi. Argentinalik futbolchining o‘zi ham Italiya A Seriyasida qolishga qarshi emas.
Italiya chempionatining yakunlangan mavsumida 21 yoshli xavbek 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va oltita golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u beshta sariq kartochka oldi.