
"Yuventus" klubi "Udineze"ning nigeriyalik darvozaboni Maduka Okoye transferini jiddiy ravishda ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda PM News nashri xabar bermoqda.
Italiya klubi 26 yoshli futbolchining narxi borasida ma’lumot olib ulgurdi. "Udineze" o‘z darvozaboni uchun taxminan 15 million yevro olmoqchi.
"Yuventus" keyingi mavsum uchun yangi darvozabon qidirmoqda va dastlab "Aston Villa" a’zosi Emiliano Martines bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi. Biroq argentinalik posbonning transferi bilan bog‘liq qiyinchiliklar turinliklarni Okoyega e’tibor qaratishga majbur qildi va u jamoaning asosiy maqsadlaridan biriga aylandi.
Yakunlangan mavsumda Okoye "Udineze" safida 30 ta uchrashuvda maydonga tushdi, ularning 10 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi va jamoaning A Seriyada 10-o‘rinni egallashida muhim rol o‘ynadi. Diskvalifikasiya sababli mavsum boshini o‘tkazib yuborganiga qaramay, futbolchi asosiy tarkibga ishonch bilan qaytdi va bir nechta Yevropa klublarining e’tiborini tortdi.