
Lissabonning «Sporting» klubi Ispaniyaning «Betis» jamoasi yarim himoyachisi Serxi Altimiraning transferi bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichida turibdi.
Taniqli insayder Fabrisio Romanoning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Portugaliya klubi Germaniyaning «RB Leypsig» jamoasini ortda qoldirish maqsadida ushbu bitim ustidagi ishlarni yanada tezlashtirgan. Xabar qilinishicha, «Betis» bilan muzokaralar final pallasiga kirgan, 24 yoshli ispaniyalik futbolchining o‘zi esa Portugaliyaning 21 karra chempioni safiga ko‘chib o‘tishga allaqachon rozilik bergan.
Ma’lumot uchun, markaziy yarim himoyachi yakunlangan mavsumda klub miqyosida barcha musobaqalarda jami 40 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U ushbu bahslarda o‘z hisobiga 2 ta gol va 3 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Nufuzli Transfermarkt portali Altimiraning ayni paytdagi transfer bahosini 20 million yevroga baholamoqda.