
Chexiya milliy terma jamoasi bosh murabbiy Miroslav Koubek bilan yo‘llarini ayrdi. Bu haqda Chexiya futbol assosiasiyasi rasman ma’lum qildi. Tomonlar amaldagi shartnomani o‘zaro kelishuvga ko‘ra bekor qilishgan.
Koubek 2025 yilning dekabr oyida Chexiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. Uning qo‘l ostida sharqiy yevropaliklar o‘tish o‘yinlarida Irlandiya va Daniya terma jamoalarini mag‘lub etib, oradan 20 yil o‘tib ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan edi.
Biroq mundialning o‘zida chexlarning ishlari mutlaqo yurishmadi. Jamoa guruh bosqichining uchta turida bor-yo‘g‘i bir ochko jamg‘arib, turnirni tark etdi. Chexiyaliklar dastlab Janubiy Koreyaga (1:2) imkoniyatni boy berishdi, so‘ngra JAR terma jamoasi bilan kutilmaganda durang (1:1) o‘ynashdi va so‘nggi turda Meksikadan yirik hisobda (0:3) mag‘lub bo‘lishdi.