
Kolumbiya terma jamoasi sardori Xames Rodriges JCH-2026 doirasida Portugaliyaga qarshi kechgan durang o‘yindan so‘ng Krishtianu Ronaldu haqidagi savolga javob berdi.
Jamoalar uchrashuvda tomoshabinlarni gollar bilan quvontira olishmadi — 0:0. Kolumbiyaliklar 7 ochko jamg‘arib, guruhda birinchi o‘rinni egallashgan bo‘lsa, portugaliyaliklar 5 ochko bilan ikkinchi pog‘onadan joy olishdi.
«Biz Ronaldu bilan gaplashdik. Krishtianu — ajoyib do‘st va ahil inson. «Real»da birga o‘ynagan vaqtlarimizda men uning uyida tez-tez mehmon bo‘lardim. U barchaga juda ajoyib o‘rnak bo‘la oladi: uning yoshi 41 da, lekin uning o‘ziga va jismoniy holatiga (tanasiga) bir qarang. Bu inson ulkan hurmatga loyiq», — deya Xamesning so‘zlarini Madrid Xtra nashri keltirmoqda.
Jahon chempionatining 1/16 finalida Kolumbiya Gana bilan, Portugaliya esa Xorvatiya bilan kuch sinashadi.