
Portugaliya terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichining so‘nggi turidan o‘rin olgan uchrashuvda Kolumbiya bilan durang o‘ynadi (0:0).
Yarim himoyachi Vitinya maydonda 70 daqiqa harakat qildi va shundan so‘ng zaxiraga olindi. «PSJ» vakili o‘yin davomida 54 ta uzatmani amalga oshirdi va ularning barchasi aniq chiqdi. Opta tahliliy portali ma’lumotlariga ko‘ra, Vitinya statistika yuritila boshlagandan beri Jahon chempionatlaridagi bitta uchrashuvni 100 foizlik aniqlik bilan yakunlagan ilk portugaliyalik futbolchiga aylandi (kamida 20 ta pas bergan o‘yinchilar orasida).
Portugaliya 5 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi, Kolumbiya esa 7 ochko bilan birinchi bo‘ldi. Musobaqaning 1/16 finalida Roberto Martines shogirdlari Xorvatiyaga qarshi maydonga tushishadi.