Eron terma jamoasi bosh murabbiyi AQSHni futbol va siyosatni aralashtirishda aybladi

  • Mr.NoBoDy 27.06.2026 23:55
  • 48
  • 30

Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Amir Galenoi Misrga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSH hukumatining eronlik futbolchilarga nisbatan munosabatini keskin tanqid qildi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, JCH—2026 mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSH futbol va siyosatni bir-biriga aralashtirib yubormoqda.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, futbol odamlarni birlashtirishi va siyosatdan butunlay xoli bo‘lishi lozim. Biroq AQSH hukumati Eron terma jamoasiga nisbatan o‘zining siyosiylashgan yondashuvini yaqqol namoyish etmoqda.

“Mezbon mamlakat bizga nisbatan juda adolatsiz munosabatda bo‘lmoqda. FIFA amerikaliklarning bu yondashuviga jiddiy e’tibor qaratishi shart”, dedi Galenoi.

Xabarlarga ko‘ra, AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi Eron terma jamoasiga Sietl shahriga uchrashuvdan atigi ikki kun oldin yetib kelishga ruxsat bergan. Qolaversa, jamoa o‘yin yakunlanishi bilanoq, o‘sha kunning o‘zida mamlakat hududini zudlik bilan tark etishi talab qilingan.

Bundan tashqari, tashkilotchilar Eron terma jamoasiga matbuot anjumaniga o‘zining media-vakilini (matbuot kotibi) olib kirishga ruxsat bermagan. Taqqoslash uchun, Misr terma jamoasi ustozi matbuot xodimi bilan birga chiqqan va anjumanda o‘nlab mahalliy OAV vakillari qatnashgan. Amir Galenoi matbuot zaliga kirib kelganida esa jurnalistlar soni sezilarli darajada kamayib ketgani xabar qilingan.

Ma’lumot uchun, "G" guruhining uchala uchrashuvida ham durang qayd etib, 3 ochko to‘plagan Eron terma jamoasi uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Reglamentga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 8 ta uchinchi o‘rin egasi pley-offga yo‘l oladi. Hozirda Eron ushbu ro‘yxatda 6-o‘rinda bormoqda va jamoaning musobaqadagi kelajagi boshqa guruhlardagi natijalarga bevosita bog‘liq bo‘lib qolgan.

Qayd etish joiz, Eron pley-offga chiqqan taqdirda ham, guruh bosqichidan muddatidan avval chiqqan AQSH terma jamoasi bilan keyingi bosqichda to‘qnash kelmaydi. Eslatib o‘tamiz, tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etayotgan ushbu mundial AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda hamda turnir 19 iyul kuni o‘z nihoyasiga yetadi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar