
Massachusets shtatining Brokton shahrida futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati doirasidagi Kabo-Verde va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlanganidan so‘ng otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda NBC Boston nashri xabar bermoqda
Ta’kidlanishicha, shaharning markaziy qismida bir nechta otishma qayd etilgan va oqibatda to‘rt kishi jarohatlangan. Barcha jabrlanuvchilar zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Polisiya otishmada gumon qilinganlardan birining suratini e’lon qildi — unda qora kiyimdagi yosh qora tanli erkak aks etgan.
Qayd etilishicha, Broktonda Kabo-Verdedan kelib chiqqan 20 mingga yaqin odam istiqomat qiladi.
“Bu kun mahalliy diaspora uchun o‘zgacha bo‘ldi: ularning milliy terma jamoasi guruh bosqichining so‘nggi turida Saudiya Arabistoni bilan nursiz durang o‘ynab, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. Tarixiy yutuqdan quvonchi ichiga sig‘magan muxlislar ko‘chalarga chiqdi, biroq bayram tantanalari yuz bergan hodisa tufayli soya ostida qoldi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, bu so‘nggi paytlarda Massachusetsda kuzatilgan ikkinchi shunday hodisa hisoblanadi. Avvalroq Sterbrijda Shotlandiya terma jamoasi muxlislari istiqomat qilayotgan mehmonxona yonida ham o‘q ovozlari eshitilgan. Voqea 18 iyun kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 00:55 da sodir bo‘lgan. Sakkiz oylik homilador ayol avvaliga yo‘ltanlamas mashinasida mehmonxona devoriga borib urilgan, so‘ng o‘t ochgan.
Afrika qit’asi vakili Kabo-Verde terma jamoasi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida o‘ziga xos natija qayd etdi. Debyutant jamoa mundial pley-off bosqichiga yo‘l olgan eng kam aholiga ega mamlakat sifatida qayd etildi.