
Meksika, AQSH va Kanadadagi turnir boshlanganidan buyon o‘tgan dastlabki ikki hafta ichida jahon chempionati o‘yinlariga 3,6 million futbol muxlisi tashrif buyurgan. Bu haqda FIFA ma’lumotlariga tayanib NBC News xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Germaniya – Ekvador va Kot-d’Ivuar – Kyurasao o‘rtasidagi bir vaqtda o‘tgan ikki uchrashuvdan so‘ng yangi rekord o‘rnatilgan. Ushbu uchrashuvlarni qo‘shib hisoblagandi musobaqalarni bevosita 3 605 357 nafar futbol ishqibozi kuzatgan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, JCH-2026’ga tashrif buyuruvchilar soni 1994-yilda AQSHda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qayd etilgan 3 587 538 kishilik rekorddan allaqachon oshib ketgan.
“Turnir ishtirokchilari sonining 32 tadan 48 ta jamoaga kengaytirilishi va buning natijasida guruh bosqichi o‘yinlari ko‘paygani, ehtimol, rekordning bunchalik tez o‘rnatilishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, AQSHdagi stadionlar o‘tmishda futbol bo‘yicha jahon chempionatlariga mezbonlik qilgan arenalarga qaraganda ko‘proq tomoshabin sig‘dira oladi. AQSH Milliy futbol ligasi stadionlarining maksimal sig‘imi 60 000 dan 80 000 nafargacha tomoshabinni tashkil etadi. Guruh bosqichining bir nechta o‘yiniga mezbonlik qilgan Nyu-Jersidagi “Metlayf” stadioni 82 500 kishilik sig‘imi bilan turnirning eng yirik sport arenasi hisoblanadi.
FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi turnirdagi aksariyat stadionlar taxminan 45 000 kishini sig‘dirgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tayotgan ushbu musobaqada tarixda birinchi marta 48 ta jamoa ishtirok etmoqda. 11 iyun kuni boshlangan turnir 19 iyulga qadar davom etadi. Musobaqaning amaldagi g‘olibi Argentina terma jamoasi hisoblanadi.