
Paragvay futbol assosiasiyasi Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingemni jazolash talabi bilan FIFAga rasmiy shikoyat yo‘lladi.
Mirror nashrining xabar berishicha, bunga JCH-2026 guruh bosqichidagi Angliya — Gana uchrashuvida sodir bo‘lgan epizod sabab bo‘lgan. Unda Bellingem raqib hujumchisi Jordan Ayyu bilan muloqot qilayotgan vaqtda og‘zini qo‘li bilan berkitgan.
Paragvay tomoni FIFA nizomlari bir xil qo‘llanilmayotganini ta’kidlamoqda. Chunki ushbu turnirda avvalroq Paragvay terma jamoasi yarim himoyachisi Migel Almiron Turkiyaga qarshi bahsda xuddi shunday harakati uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan edi.
Mazkur qoida turnir boshlanishidan oldin FIFA tomonidan joriy etilgan. Bunga «Benfika» vingeri Janluka Prestiannining Vinisius Juniorga nisbatan haqoratli so‘zlari uchun diskvalifikasiya qilinishi sabab bo‘lgan.
Bellingem esa maydonda chetlatilmadi, chunki hakamlar uning harakatini raqib bilan mojaro yoki tajovuzkor muloqot sifatida baholashmadi.
Amaldagi nizomga ko‘ra, og‘izni qo‘l bilan berkitish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka faqat ushbu ishora raqib bilan to‘qnashuv yoki agressiv muloqot jarayonida qo‘llangan holatlarda beriladi.