
O'zbekiston terma jamoasining Portugaliyadan qabul qilib olgan yirik hisobli mag'lubiyatidan so'ng, dasturning navbatdagi sonida "G'azalkent" klubi murabbiylari Zayniddin Tojiev va Jahongir Usmonov, shuningdek, taniqli ekspertlar Nodirxo'ja Yuldashev, Mirkomil Musaev, Tolibjon Qosimov hamda Narzulla Saydullaev ishtirok etishdi. Ular milliy terma jamoamizning o'yini, uchrashuvdagi tizimli muammolar va yo'l qo'yilgan kamchiliklarni atroflicha tahlil qilishdi.
Zayniddin Tojiev: "Ko'pchilik futbolchilar bosimni ko'tara olishmadi"
- O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, yigitlarda kuchli hayajon va ruhiy bosim yaqqol ko'zga tashlandi. To'pni oddiy vaziyatlarda saqlab qola olmay, ko'p marotaba xatoga yo'l qo'ydik. Bu mag'lubiyatni birinchi navbatda mas'uliyat yuki va hayajon bilan bog'lagan bo'lardim. Futbolchilarimizning aksariyati bunday katta bosimni ko'tara olmadi.
Aslida, uchrashuv qiyin kechishi oldindan ma'lum edi. Tarkiblarni solishtirsak, bizda faqat Abduqodir Husanov APLda to'p suradi, xolos. Portugaliyaning esa barcha futbolchilari Yevropaning top-klubida o'ynashadi, ularning ijrochilik mahorati va saviyasi juda yuqori. Shunga qaramay, biz yigitlarga ishongandik. O'yin davomida urgan golimiz inobatga olinmagani ham ruhiyatga ta’sir qildi. Futbolchilar maydonda borini berishdi, biroq bunday yuqori saviyadagi musobaqada tajribasizlik o'z so'zini aytdi. Terma jamoamizning ko'p a'zolari hali Jahon chempionati havosini his qilib ulgurishmagan edi. O'ylaymanki, keyingi mundiallarda bundan ancha yaxshi natijalar ko'rsatamiz.

Jahongir Usmonov: "Birinchi 15 daqiqalikda raqib bizga mahorat darsini o'tib berdi"
- To'g'risi, hisob bunchalik yirik ko'rinish olishini kutmagandik, lekin yaxshi natijadan umid qilgandik. Ochig'ini aytganda, Portugaliya bizga haqiqiy "master-klass" (mahorat darsi) o'tib berdi. Ular futbol qanday o'ynalishini va Jahon chempionatining darajasi qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yishdi. Bu mutlaqo boshqa saviya ekanligini his qildik. Top-5 chempionatlarida faqat birgina futbolchimiz bor. U yerdagi surat va tempni O'zbekiston chempionati bilan mutlaqo solishtirib bo'lmaydi.
Yigitlar harakat qilishdi, biroq uzatmalardagi brak (yaroqsiz paslar) soni juda ko'p bo'ldi. Men vaziyatlarni ataylab sanab bordim: birinchi suv ichish tanaffusigacha vakillarimiz ketma-ket 3 tadan ortiq aniq pas bera olishmadi. Faqat 26-daqiqaga kelibgina uzilishsiz 6 ta uzatmani amalga oshirdik. Ungacha esa bir-birimizga 2 tadan ortiq to'p oshirish muammoga aylandi.

Portugaliya uchrashuv boshidanoq kuchli pressing uyushtirdi. Futbolda shunday qoida bor: birinchi va oxirgi 15 daqiqalik oraliqlarda ustunlik qilgan jamoa o'yin taqdirini o'z foydasiga hal qiladi. Raqib dastlabki daqiqalardanoq bosimni kuchaytirib, tashabbusni qo'lga oldi. Agar dastlabki 25 daqiqa ichida gol o'tkazib yubormaganimizda, vaziyat bu qadar ayanchli tus olmasdi.
Darvozabon almashinuviga kelsak, buni murabbiy hal qiladi. O'tkir Yusupov bilan nima bo'lganidan bexabarmiz, balki unda kichik jarohat bordir. Odatda asosiy posbonni darvozabonlar murabbiyi tanlaydi va kim tayyor ekanini bosh murabbiyga aytadi. Shu sababli Yusupovning nima uchun qaydnomada yo'qligi haqida aniq bir narsa deyolmayman. Ammo xatolarga to'xtaladigan bo'lsak, jarima zarbasidan o'tkazib yuborilgan ikkinchi golda Abduvohid Ne'matov to'pni bemalol qaytarishi mumkin edi. Usha vaziyatda u to'p yo'nalishini umuman ko'rmay qoldi.

Zaxiralar haqida gapiradigan bo'lsam, Akmal Mozgovoy birinchi bahsda yomon taassurot qoldirmagandi. Ikkinchi gol esa Odiljon Hamrobekovning qo'pol xatosidan so'ng darvozamizdan joy oldi. Tan olish kerak, hozirgi terma jamoamizning eng zaif nuqtasi - tayanch yarim himoya chizig'i. Ko'pchilik bu fikrga qo'shilsa kerak, ilgari aynan shu chiziq vakillari terma jamoamizning eng kuchli ustunlari hisoblanardi.
Nodirxo'ja Yuldashev: "Bu mag'lubiyat yuz foiz murabbiyning xatosi"
- Yaxshiyamki, Srechko Katanetsdan keyin terma jamoaga darhol Kannavaro olib kelinmagan ekan, aks holda hozir mundialda boshqa terma jamoalarga muxlislik qilib o'tirgan bo'lardik. Bu mag'lubiyatda yuz foiz bosh murabbiy aybdor. Hech qachon bitta uchrashuvdagi xato tufayli 4 yil davomida asosiy bo'lgan darvozabonni almashtirib yuborishmaydi. Vaholanki, hujumda ham, tayanch chizig'ida ham kamchiliklar etarli edi va hamma xato qilayotgandi.
Biz yaqinda BAAdagi "Al-Ayn" turnirida g'alaba qozonib, Eron bilan darajamiz tenglashdi, deb o'yladik. Ammo Eron terma jamoasi Belgiyaga qarshi bahsda tarixdagi eng keksa tarkibni tushirgan bo'lsa-da, sifatli o'yin namoyish etdi. Ularning jismoniy holati Belgiyadan aslo qolishgani yo'q va maydonda raqib ustunligi sezilmadi. Bizda esa futbolchining yoshi bir oz ulg'aysa, darhol "qaridi"ga chiqaramiz. Futbolda yosh emas, ayni damda kim tayyor bo'lsa, o'sha maydonga tushishi kerak. To'rt yildan beri tinimsiz o'ynayotgan futbolchi charchayaptimi, demak buni tan olib, uni zaxiraga olish lozim.
Kolumbiyaga qarshi bahsda eng yaxshi o'yinchilardan biri bo'lgan Akmal Mozgovoy negadir Portugaliya bilan o'yinda zaxirada qoldirildi. Endi 26 talik ro'yxatni muhokama qilishdan foyda yo'q. Kannavaro o'tgan o'yinning ikkinchi bo'limidagi ijobiy sifatni bugun dastlabki daqiqalardan qo'llashi kerak edi. Agar birinchi 30 daqiqada hisobni 0:0 ko'rinishida ushlab turganimizda, bosim raqib tomonga o'tardi. Ammo birinchi yarim soat ichida Portugaliya bizni tamoman o'yindan chiqarib yubordi. Ular kecha mashg'ulot o'tkaza olishmagandi, bugun esa maydonda xuddi mashg'ulotdagidek erkin harakat qilishdi.

Tolibjon Qosimov: "Jamoada murabbiy imzosi sezilmayapti"
- Portugaliya bizga qarshi o'yinda o'zida bor narsani sinab ko'rdi: standart vaziyatlar, taktik kombinaciyalar - xullas, hamma usullarni qo'llashdi. Eng alam qilarlisi, ular har bir standart vaziyatni turlicha, hech qanday qarshiliksiz ijro etishdi. Shunchaki to'pni uzatish bilan cheklanishmadi. Raqib maydonda zarracha xavf yoki qiyinchilik his qilgani yo'q. Bunda, shubhasiz, bosh murabbiy aybdor. Jamoada murabbiyning hech qanday imzosi sezilmayapti.

Jahongir Usmonov: "Portugaliya dastlabki 15 daqiqada ishni hal qilib, qolgan vaqtda shunchaki mashg'ulot o'tkazdi"
- Birinchi navbatda, maydonda haqiqiy darajamiz va O'zbekiston chempionatining saviyasi yaqqol ko'rinib qoldi. Birinchi gol o'tkazib yuborilgan vaziyatga e'tibor qarataylik: chap qanotdagi himoyachilarimiz Sherzod Nasrullaev va Abduqodir Husanov (yoki Abdullaev) o'ng qanotdan uzatilayotgan to'pni shunchaki kuzatib turishdi. Raqibning 41 yoshli futbolchisi (Krishtianu Ronaldu) esa uch nafar himoyachimiz tikka turganda, oradan chiqib to'pni darvozaga joylab qo'ydi. Bu vaziyat portugallarning mahorati qanchalik yuqori ekanligini anglatadi.

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”, “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”