Viktor Karpenko: "Kolumbiyadan qo'rqmay o'ynadik, Portugaliya bilan ijobiy natija kutish mumkin"

  • Mr.NoBoDy 22.06.2026 11:32
  • 38
  • 30

O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi navbatdagi bahsiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

Mundialning ochilish uchrashuvida vakillarimiz Kolumbiyaga qarshi jiddiy qarshilik ko'rsatib, muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. "Oq bo'rilar"ning tarixiy qadami, va oldinda turgan mas'uliyatli uchrashuvlar haqida terma jamoamizning sobiq a'zosi, ko'p yillar davomida o'zbek futboli rivojiga munosib hissa qo'shgan tajribali mutaxassis Viktor Karpenko Abdulaziz Iskandarovga fikrlarini bildirdi.

- Jahon chempionatidagi birinchi o'yinimiz kutilmalarni qanchalik oqladi va futbolchilar o'z zimmalaridagi mas'uliyatni qay darajada uddalay olishdi?

- Menimcha, umumiy olib qaraganda, terma jamoamiz kutilmalarni oqladi. To'g'ri, natija muxlislar kutgandek bo'lmagandir, biroq bu O'zbekiston uchun tarixdagi ilk Jahon chempionati uchrashuvi ekanini unutmaslik lozim. Yigitlar maydonda cho'chib turishmadi, aksincha, dadil harakat qilib, o'z o'yinlarini singdirishga intilishdi va xarakter ko'rsatishdi. Albatta, xatolar ham bo'ldi va bunday darajadagi raqib ularni hech qachon kechirmaydi - bu katta tajribaning bir qismi. Eng muhimi, jamoa ushbu turnirda munosib ravishda ishtirok etayotganini isbotlay oldi. Shu bois, futbolchilar o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlashdi, ayniqsa, bor kuchlarini berib o'ynashgani va maydondagi munosabatlari tahsinga loyiq. Endi to'g'ri xulosalar chiqarib, oldinga harakat qilish kerak.

- O'ng qanotda harakat qilgan Behruz Karimovning o'yini sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Behruz Karimov juda yaxshi taassurot qoldirdi. Yosh futbolchi uchun bunday yuqori darajada yo'qolib qolmay, ishonchli to'p tepish - katta ko'rsatkich. U o'z qanotida katta hajmdagi ishlarni bajardi, tashabbusni o'z qo'liga olishdan cho'chimadi va murabbiylar shtabining ko'rsatmalarini bajarishga harakat qildi. Albatta, unda hali ishlaydigan, xususan, hal qiluvchi vaziyatlarda qaror qabul qilishni mukammallashtiradigan jihatlar bor, ammo salohiyati juda yuqori. Eng muhimi - unda o'sishga va jamoaga foyda keltirishga bo'lgan xohish yaqqol ko'rinib turibdi. O'ylaymanki, Behruzda kelajakda terma jamoa yetakchilaridan biriga aylanish uchun barcha sifatlar mujassam.

- Ikkinchi bo'limda jamoa hayajonni enga oldimi yoki o'yinning o'zgarishiga boshqa omillar sabab bo'ldimi?

- Menimcha, uchrashuv boshida hayajon o'z so'zini aytdi. Baribir O'zbekiston terma jamoasi uchun bu tarixiy debyut edi va barcha futbolchilar uchun butunlay yangi muhit hisoblanardi. Biroq bahs davomida jamoamiz turnir atmosferasiga va raqib darajasiga moslashib bordi. Ikkinchi bo'limda futbolchilar ancha ishonchli harakat qila boshlashdi, to'p nazoratini yaxshilashdi va dadilroq oldinga intilishdi. Shu bois, o'yin faqatgina hayajon yo'qolgani uchun emas, balki jamoa o'z kuchiga ishongani va bizni Jahon chempionatiga olib chiqqan o'sha chiroyli futbolini ko'rsata olgani evaziga o'zgardi, dep ayta olaman.

- Portugaliyaga qarshi bo'lajak bahsdan nimalar kutyapsiz? Zero, portugallar ham birinchi turda ochko yo'qotishdi…

- Portugaliya baribir guruhimiz favoriti bo'lib qolaveradi va ularning ilk turdagi durangi raqibni xavfini kamaytirmaydi. Bundan tashqari, ochko yo'qotilganidan keyin portugallar bizga qarshi yanada kattaroq motivaciya bilan maydonga tushishlari aniq. Biroq bu bizning terma jamoamiz uchun o'z darajasini ko'rsatishga juda yaxshi imkoniyat. Kolumbiya bilan o'yinidan keyin yigitlar Jahon chempionati havosini his qilishdi, zarur tajribaga ega bo'lishdi va keyingi bahsga yanada ishonch bilan yondashishlari kerak. To'g'ri, Portugaliya - favorit, ammo bunday musobaqalarda ko'p narsani xarakter, intizom va o'z kuchiga bo'lgan ishonch hal qiladi. Agar O'zbekiston terma jamoasi tartibli o'ynab, o'z vaziyatlaridan unumli foydalana olsa, ijobiy natijaga umid qilsa bo'ladi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar