
«Manchester Siti» va Belgiya terma jamoasi yarim himoyachisi Jeremi Doku Jahon chempionati vaqtida milliy jamoa ixtiyorini vaqtinchalik tark etishga tayyorligini ma’lum qilgach, mojarolar markazida qoldi. Bunga futbolchining rafiqasi tez orada ularning to‘ng‘ich farzandini dunyoga keltirishi sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralarga L’Equipe nashri jurnalisti Frans Pyerronning fikrlari sabab bo‘ldi. U futbolchining bu qarorini keskin qoraladi. Jurnalist ayol o‘z so‘zlarida tug‘ruq jarayoni shunday voqealikki, unda «ota mutlaqo foydasiz, u shunchaki oddiy ortiqcha odam» ekanligini ta’kidlagan.
«Sen u yerda 10 soat vaqtingni yo‘qotasan, holdan toyasan, hissiy tushkunlikka tushasan va ruhan butunlay charchab, Jahon chempionati o‘yinlariga tayyor bo‘la olmaysan», — deya qo‘shimcha qilgan jurnalist.
Biroq fransuz jurnalistining bu chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi. Boks bo‘yicha sobiq Olimpiada chempioni Braim Aslum ushbu fikrlarga mutlaqo qo‘shilmasligini bildirib, farzandning dunyoga kelishi har qanday sport musobaqasidan ustun va muhimroq ekanligini aytdi.
Hozircha Belgiya qirollik futbol assosiasiyasi Jeremi Doku guruh bosqichi doirasida Eronga qarshi kechadigan navbatdagi muhim o‘yinda maydonga tusha olish-olmasligi borasida rasmiy bayonot bergani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, Belgiya 1-turda Misr bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi.