
Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ronald Kuman Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turidan o‘rin olgan Shvesiyaga qarshi o‘yin oldidan xotirjamlikni saqlab turibdi. Turnirning ilk uchrashuvida uning shogirdlari Yaponiya bilan durang o‘ynashgan edi (2:2).
«Jamoadagi muhit a’lo darajada va biz qo‘rqmasdan, dadil o‘ynashda davom etamiz. Yaponiya bilan bahsda ustunlik biz tomonda edi, o‘yinning katta qismida ancha yaxshi harakat qildik», — dedi mutaxassis o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida.
«Yaponiya juda zich himoyalandi va maydonning so‘nggi uchdan bir qismida bizga katta muammolar tug‘dirdi. Bunday vaziyatlarda doimo to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va yaxlit bir jamoa bo‘lib hujumga o‘tish lozim».
Bosh murabbiy turnirni Tunis ustidan qozonilgan yirik g‘alaba (5:1) bilan boshlagan Shvesiyaga qarshi bahsda ham xuddi shunday ssenariy takrorlanishini kutmoqda.
«Vaziyatlar yaratish va bo‘sh hududlarni topish qiyin bo‘ladi. Biz to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimiz va raqib jarima maydonchasi ichida futbolchilarimiz sonini ko‘paytirishimiz kerak. Yaponiya bilan durangdan so‘ng, bizga faqat va faqat uch ochko zarur», — deya ta’kidladi Kuman.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya va Shvesiya o‘rtasidagi uchrashuv 20 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.