
Angliya terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichi ikkinchi turida Ganaga qarshi o‘yin oldidan yangi muammoga duch keldi.
Metro nashrining xabar berishicha, hujumchi Markus Reshford Xorvatiyaga qarshi g‘alabali bahsdan (4:2) so‘ng mushaklarida noqulaylik his qilgan. U mazkur uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib, gol urgan edi.
Shu sababli 28 yoshli futbolchi «Sporting Kanzas-Siti»ga qarshi o‘tkazilgan nazorat o‘yinida ishtirok etmadi. Bu bahsda asosan Angliya terma jamoasining zaxira futbolchilari maydonga tushgan. Yaqin vaqt ichida Reshford qo‘shimcha tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.
Shunga qaramay, Angliya yig‘inida futbolchining jarohati jiddiy emasligi va u Ganaga qarshi o‘yinda qatnashishi mumkinligiga umid qilinmoqda.
Reshford sog‘lig‘i bo‘yicha savollar tug‘ilgan birinchi futbolchi emas. Avvalroq yarim himoyachi Deklan Rays bel qismi va son orqa mushaklarida noqulaylik sezayotganini aytgan edi. Bukayo Saka esa hanuz axill payidagi muammodan tiklanish jarayonini davom ettirmoqda.
Bosh murabbiy Tomas Tuxelning ta’kidlashicha, «Arsenal» vingeri hozircha to‘liq o‘yin o‘tkazishga tayyor emas va u ilk bor asosiy tarkibda guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida maydonga tushishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, L guruhining birinchi turida Angliya Xorvatiyani 4:2 hisobida mag‘lub etgan edi. Tuxel shogirdlarining navbatdagi raqibi Gana terma jamoasi bo‘ladi.