
JCH-2026 "K" guruhi 1-turidan o‘rin olgan Portugaliya va Kongo Demokraktik Respublikasi terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
Bahs AQSHning Xyuston shahridagi NRG Stadium stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni qatarlik hakam Abdulrahmon Al-Jassim boshqardi.
Portugaliya hisobni 6-daqiqada Neveshning bosh bilan urgan goli orqali ochgan bo‘lsa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Kongo DR hujumchisi Yoan Vissa bosh bilan zarba berib, muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda portugaliyaliklar to‘pni ko‘proq nazorat qilib, g‘alaba qozonishga harakat qildi. Xususan, Krishtianu Ronaldu ikki marta qulay vaziyatdan darvoza tomon aniq zarba bera olmadi.
Kongo esa qarshi hujumlarda xavfli ko‘rindi va ularning zarbalariga ham aniqlik yetishmadi.
K guruhining 2-turida Portugaliya 23 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Kongo DR esa 24 iyun kuni Kolumbiya bilan o‘ynaydi.
JCH-2026. "K" guruhi. 1-tur
Portugaliya — DR Kongo 1:1
Gollar: 1:0 — Joau Nevesh, 6. 1:1 — Yoan Vissa, 45+5.