
Ikki kun avval Germaniya terma jamoasi mundial debyutanti Kyurasaoni yirik hisobda mag'lub etgandi. Muxlislar-u mutaxassislar Ispaniyadan ham shunga o'xshash natija kutgani yolg'on emas. Biroq aholisi yarim milliondan sal ko'proq bo'lgan orol-davlat vakillari amaldagi Yevropa chempionlariga munosib qarshilik ko'rsatishdi.
Xo'sh, o'zi Kabo-Verde qanday davlat? Mazkur terma jamoa qanday qilib JCHga chiqdi? Ushbu maqolada bu savollarga javob topamiz.
Portugaliya mustamlakasidan ozod bo'lgan mamlakat
Kabo-Verde Atlantika okeanida, Afrika qitasining g'arbiy qirg'og'idan taxminan 570 kilometr uzoqlikda joylashgan orol-davlat. Mamlakat 10 ta yirik vulqon kelib chiqishiga ega orol va bir nechta kichik orollardan iborat.
Davlatning umumiy maydoni 4 033 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Aholisi qariyb 530 ming kishi, poytaxti va eng yirik shahri - Praia.
Kabo-Verde 1460 yillarda portugaliyalik dengizchilar tomonidan kashf etilgan va bir necha asr davomida Portugaliya mustamlakasi bo'lib qolgan. Mamlakat 1975 yil 5 iyulda mustaqillikka erishgan.
Rasmiy til - portugal tili. Biroq kundalik hayotda aholining aksariyati kreol tilining turli lahjalarida so'zlashadi.
Tabiiy resurslari deyarli mavjud bo'lmagan Kabo-Verde iqtisodiyoti asosan xizmat ko'rsatish sohasi, turizm, transport va xorijdagi diaspora yuboradigan mablag'larga tayanadi.
Mamlakatda futbol qanday rivojlandi?
Kabo-Verdeda futbol eng ommabop sport turi hisoblanadi. Mamlakat futbol federatsiyasi 1982 yilda tashkil etilgan, FIFA va Afrika futbol konfederatsiyasiga (CAF) a'zo.
Terma jamoa Moviy akulalar (Blue Sharks) laqabi bilan tanilgan.
Uzoq yillar davomida Afrika futbolining o'rtamiyona jamoalaridan biri bo'lib kelgan Kabo-Verde so'nggi o'n yillikda sezilarli o'sishga erishdi.

Terma jamoa ilk bor 2013 yilda Afrika Millatlar Kubogining chorak finaliga chiqdi. Keyinchalik bu natijani 2023 yilgi turnirda ham takrorladi.
Mamlakat aholisi soni kam bo'lgani sababli terma jamoa tarkibidagi ko'plab futbolchilar Portugaliya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya va boshqa Yevropa davlatlarida tug'ilgan yoki faoliyat yuritadi.
Terma jamoa FIFA reytingida 2026 yil iyun holatiga ko'ra 69-o'rinni egallab turibdi.
Kabo-Verde qanday qilib Jahon chempionatiga chiqdi?
CAF’da JCH saralash oxirgi bosqichida terma jamoalar to'qqizta guruhga bo'linishadi. Ularda birinchi o'rinni olgan terma jamoalar esa to'g'ridan-to'g'ri mundial yo'llanmasini qo'lga kiritsa, 2-o'rindagilarning eng yaxshi natija ko'rsatgan to'rttasi yarim va final bahslarida ishtirok etadi.
So'zlayotganimiz Kabo-Verde “D” guruhidan o'rin olib, Kamerun, Liviya, Angola, Mavrikiy hamda Esvatini kabi terma jamoalar bilan bahs olib bordi.
2023 yil kuzida boshlangan saralash bosqichi o'tgan yilning kuziga kelib yakunlandi. Dastlabki turda Angola bilan bahsda durang qayd etildi, 0:0. Keyingi turda esa Esvatiniga mehmon bo'lib, 0:2 hisobida g'alabaga erishdi Kabo-Verde.
2024 yilning 8 iyunida (2 yil-u, 8 kun avval) 3-tur o'yinlari o'tkazildi va unda Kamerun Kabo-Verdeni 4:1 hisobida mag'lub etdi. Oradan besh kun o'tib, maqola qahramonlari o'z maydonlarida Liviyani minimal hisobda (1:0) mag'lubiyatga uchratdi.

5-tur o'tgan yilning bahorida o'tkazildi. Mavrikiy ustidan yana kichik hisobda (1:0) mag'lub etgan bo'lsa Kabo-Verde, kelasi turda Angola ustidan g'alabaga (1:2) erishdi.
7-tur – 2025 yilning sentyabrida bo'lib o'tdi va bunda Mavrikiy mag'lub etildi (0:2). So'ng, yana to'qnashuv asosiy raqib bilan bo'ldi – Kamerunga qarshi. Ayni shu bahsda Kabo-Verde 1:0 hisobida zafar quchdi va JCH sari katta qadam tashladi.
Kabo-Verde 9-turda esa Liviya bilan jangovar durang o'ynagan bo'lsa (3:3), so'nggi turda yirik hisobda Esvatinini (3:0) mag'lub etdi.
Qiziq jihati shundaki, Liviyaga qarshi o'yinda jamoa 3:1 hisobda mag'lub bo'la turib, iroda ko'rsata oldi va ikkita gol urib, bir ochkoni qo'lga kiritgan edi.
Tarixiy natija va ta’sirli nutq
Ispaniya Kabo-Verdeni yirik hisobda mag'lub etganida ham, ko'p ehtimol, hech kim xafa bo'lmas edi. Dunyoning eng yaxshi futbolchilari, amaldagi Yevropa chempionlaridan kimlar yutqazmagan-u, kimlar gol o'tkazmagan. Biroq terma jamoa posboni va sardori 40 yoshli Jozimar Vozinya 7 marta seyv qilib, jamoasining qahramoniga aylandi.
Ilk o'yinda, dastlabkich ochkoni aynan Ispaniyadan olish, tan olish lozim, havas qilsa arzigulik hikoya. Biroq bu hikoyaning yanada ta’sirli jihati borki, bunisi ham darvozabon bilan bog'liq.

Vozinyaning asli ismi - Jozimar Diash. Uning laqabi bolaligidayoq paydo bo'lgan: portugal tilidagi “Vozinya” (Vozinha) so'zi buvijon degan manoni anglatadi. Darvozabonni aynan buvijoni tarbiyalagan va u hayotida eng muhim insonlardan biri bo'lgan. Ammo shunday quvonchli kunda buvisi yonida emas.
“Vozinya” mazkur o'yindan keyingi intervyusida buva va buvisi umri davomida u uchun barcha ishni qilishganini ta'kidladi.
Shuningdek, darvozabon onasi Jahon chempionati o'yinlarini joyidan turib kuzatish uchun kela olmaganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, viza rasmiylashtirish bilan bog'liq xarajatlar qimmat bo'lgani sababli oila barcha to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshira olmagan.
“Men onamning shu yerda bo'lishini juda xohlagandim. Ammo shunga qaramay, men juda baxtliman. Juda ham baxtliman”, – dedi Jozimar Vozinya.
"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul"
Promokodni faollashtirish HAVOLASI