
Turkiyaning “Sivasspor” futbol klubi akademiyasining (13 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar) to‘rt nafar a’zosi jamoaning uy stadioniga borish yo‘lida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sivas shahrida klub qarorgohiga kirish arafasida bo‘lgan taksi qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. Halokat oqibatida 6 kishi, jumladan, “Sivasspor” U-13 jamoasining 4 nafar futbolchisi jarohat oldi. Zarba natijasida transport vositalaridan birida yong‘in chiqqan, og‘ir jarohat olgan yosh futbolchi Burak Shahinning ahvoli og‘ir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yosh futbolchilar Turkiya Birinchi ligasi doirasidagi “Istanbulspor”ga qarshi kechadigan uy uchrashuvida “bolboy” sifatida ishtirok etishi kerak bo‘lgan.
“Sivasspor” vakillarining ma’lum qilishicha, futbolchilar ayni damda tibbiy guruh nazorati ostida. Huquq-tartibot idoralari tomonidan YTH yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, mamlakat Birinchi ligasi doirasida kechgan bahsda “Istanbulspor” 3:1 hisobida “Sivasspor”dan ustun keldi.
O‘zbekiston MTJ futbolchisi Azizbek Turg‘unboyev 2024 yil fevraldan, 2025 yil iyun oyiga qadar aynan “Sivasspor” safida faoliyat yuritgan. U 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan.