
«Inter Mayami» hujumchisi Luis Suares 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Urugvay terma jamoasidagi faoliyatini tiklashga tayyorligi haqidagi savolga javob berdi.
«Shubhasiz, terma jamoa har doim birinchi o‘rinda turadi. Men bugunning o‘zidayoq qaytish haqida o‘ylashni boshladim, buni miyamda tahlil qilyapman. Jahon chempionati yaqinlashmoqda va agar jamoa senga muhtoj bo‘lsa... Men hech qachon o‘z mamlakatimga «yo‘q» demayman, hech qachon «yo‘q» demayman. Modomiki, men hali o‘ynayapman va faoliyatimni tugatmagan ekanman, buning iloji yo‘q», — dedi Suares.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Luis Suares Urugvay terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi. U milliy jamoa safida jami 143 ta o‘yin o‘tkazib, 69 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.