
Unda qo'mitaning 9 nafar a'zosidan 8 nafari ishtirok etdi. Yig'ilish kun tartibidan Superliga hakamlari tomonidan qabul qilinayotgan bahsli qarorlar, futbol jamoatchiligining bunga munosabati hamda VAR tizimi bilan bog'liq tushunarsiz holatlar o'rin oldi.
Yig'ilishda takidlangan asosiy masalalar:
VAR tizimi faoliyatidagi kamchiliklar: Liga bosh direktori Diyor Imomxo'jaev VAR tizimi adolatli qaror chiqarishga ko'maklashish o'rniga, ayrim hollarda shubhali manfaatlarga xizmat qilayotgandek taassurot uyg'otayotganini qayd etdi. Texnik imkoniyatlar kengaytirilib, ko'chma televizion stanciyalar orqali sifatli takroriy lavhalar uzatilayotganiga qaramay, hakamlarning xato qarorlari kamaymayapti.
"Qo'qon-1912" – "Nasaf" uchrashuvidagi holat: Superliganing 6-turi doirasidagi mazkur bahsda bosh hakam Rustam Lutfullin dastlab to'g'ri qaror qabul qilgan bo'lsa-da, VAR hakami Ibrohim Ismoilovning aralashuvidan so'ng qarorini noto'g'ri o'zgartirgan. Bu holat Ekspert hakamlar guruhi tomonidan ham xato deb baholangan.
Shartnoma majburiyatlarining buzilishi: Liga shartnomaning 3.1-bandiga asosan, bahsli vaziyat bo'yicha VAR audioyozuvlarini talab qilgan. Biroq O'zbekiston futbol hakamlari markazi (O'zFHM) turli bahonalar bilan bu jarayonni paysalga solgan.
Ijroiya qo'mitasining rasmiy qarorlari:
Yuqoridagi holatlar hamda klublarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida, Liga Ijroiya qo'mitasi a'zolari bir ovozdan quyidagi qarorlarni qabul qildi:
Hakamlarni chetlatish so'rovi: Xatoga yo'l qo'ygan hakamlar – Rustam Lutfullin hamda Ibrohim Ismoilovni mavsum so'ngiga qadar Superliga, Proliga va O'zbekiston kubogi musobaqalaridan chetlatish bo'yicha O'zFHMga rasmiy talabnoma kiritish.
Xalqaro toifani ko'rib chiqish: Mazkur hakamlarning xalqaro toifaga munosibligini o'rganishda amaliy yordam so'rab, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) prezidentiga murojaat yo'llash.
Rasmiy shikoyat kiritish: O'zFHM tomonidan Liganing qonuniy talablari bajarilmayotgani yuzasidan O'FA prezidenti nomiga rasmiy shikoyat kiritish.
Liga VAR markazi faoliyatida shaffoflikni taminlash, protokol shartlariga qatiy rioya etish hamda bu jarayonlarni reglament asosida nazorat qilish zarurligini takidlaydi. Milliy futbolda adolat mezonlarini o'rnatish va futbol jamoatchiligining ishonchini oqlash – Liganing ustuvor vazifasi bo'lib qoladi.