
Londonning “Chelsi” klubi 2027 yil yozida Madridning “Real” jamoasi himoyachisi Antonio Ryudigerni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda Football Insider nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Chelsi” bosh murabbiyi Xabi Alonso klub rahbariyatidan germaniyalik futbolchini transfer qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Sababi ispaniyalik mutaxassis o‘tgan mavsumda “Real”da Ryudiger bilan birga ishlagan va uning imkoniyatlarini yaxshi biladi.
Alonso “Chelsi”ning yosh himoya chizig‘iga tajribali yetakchi kerak, deb hisoblaydi. London klubi ehtimoliy transferni 2020 yilda Tiago Silvaning jamoaga kelishi bilan taqqoslamoqda. Ryudiger 2017–2022 yillarda ham “Chelsi” safida to‘p surgan. U London klubi bilan birga to‘rtta sovrinni, jumladan, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasini qo‘lga kiritgan.
Joze Mourinyo qo‘l ostida Ryudiger asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qota boshlagan. Shunga qaramay, u 2026/27-yilgi mavsum boshida oltita uchrashuvda maydonga tushgan.
Germaniyalik himoyachi yozda “Real” bilan shartnomasini bir yilga uzaytirgan, biroq Madrid klubi unga yangi bitim taklif qilishni rejalashtirmayapti. “Chelsi” esa 2027 yil yanvarida futbolchining vakillari bilan muzokaralarni boshlamoqchi. O‘sha vaqtda Ryudiger boshqa klublar bilan shartnoma imzolash huquqiga ega bo‘ladi. Agar tomonlar maosh borasida kelishuvga erishsa, 33 yoshli himoyachi 2027 yil yozida erkin agent sifatida London klubiga qaytishi mumkin.