
«Barselona» klubi kelayotgan yozgi transfer oynasi uchun asosiy vazifasini belgilab oldi — jamoa markaziy hujumchi chizig‘ini kuchaytirishi zarur.
Kataloniyaliklar anchadan beri «Atletiko» Madrid a’zosi Xulian Alvaresga qiziqish bildirib kelayotgan edi. Argentinalik forvard hamon asosiy nomzod bo‘lib turibdi, biroq uning transferini amalga oshirish, ayniqsa moliyaviy tomonlama, ancha murakkab kechishi kutilmoqda.
El Nacional nashrining xabar berishicha, «Barselona» Alvaresga munosib muqobil sifatida «PSJ» hujumchisi Gonsalu Ramushni tanlagan. Ma’lum bo‘lishicha, portugaliyalik futbolchini taxminan 30 million yevro evaziga sotib olish imkoniyati mavjud. Bu esa moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan «ko‘k-anorranglilar» uchun juda manfaatli variant hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, 24 yoshli Gonsalu Ramushning bozor qiymati Transfermarkt portali tomonidan 35 million yevroga baholangan. Agar «Barselona» Alvares bo‘yicha kelishuvga erisha olmasa, bor e’tiborini Parij klubi forvardiga qaratadi.