
«Chelsi» klubi hujumchisi Alexandro Garnacho faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirishi mumkin.
MatchDay Central nashrining xabar berishicha, argentinalik iste’dod sohibini o‘z safiga qo‘shib olishga Ar-Riyodning «An-Nasr» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Saudiyaliklar agar londonliklar futbolchini sotishga rozi bo‘lsa, transfer bo‘yicha rasmiy taklif yuborishga tayyor.
Ma’lumot o‘rnida, Alexandro Garnacho 2025 yilda «Manchester Yunayted»dan 46 million yevro evaziga «Chelsi»ga o‘tgan edi. Uning «ko‘klar» bilan amaldagi shartnomasi 2032 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Joriy mavsumda 21 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda 41 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 ta gol va 4 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali futbolchining ayni damdagi bozor qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.