
Kiyevning «Dinamo» klubi himoyachisi Taras Mixavko top-klublar qiziqishlar doirasiga tushib qoldi.
TEAMtalk nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, 20 yoshli futbolchi bilan shartnoma imzolashga «Manchester Yunayted» va «Chelsi» klublari qiziqish bildirmoqda. Har ikki ingliz klubi ukrainalik futbolchining o‘yinini o‘rganish uchun o‘z skautlarini yuborgan. Chap oyoqda yaxshi o‘ynaydigan markaziy himoyachi allaqachon Ukraina terma jamoasida debyut qilishga ulgurdi va «Dinamo»ning asosiy o‘yinchilaridan biri hisoblanadi.
Taras Mixavko 2023 yilda «Lvov» klubidan Kiyevning «Dinamo»siga erkin agent sifatida o‘tgan edi. Uning shartnomasi 2030 yilning 31 dekabriga qadar mo‘ljallangan. Joriy mavsumda himoyachi kiyevliklar safida barcha turnirlarda 29 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi.