Neymar «Santos»ning yosh futbolchilarini haqorat qilganini inkor etdi

  • Mr.NoBoDy 27.07.2026 06:55
  • 685
  • 30

Neymar «Santos»ning yosh o‘yinchilari bilan nizo kelib chiqqani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Oldinroq 34 yoshli hujumchi Braziliya Seriya Asining 20-turida «Shapekoense» bilan durangdan (2:2) so‘ng kiyinish xonasida 21 yoshli Gabriel Bontemponi haqoratlagani va 19 yoshli Joau Ananyas bilan tortishib qolgani haqida xabar berilgan edi.

«Hammaga salom. Bu biz xohlagan yakshanba bo‘lmadi. Boshni baland ko‘tarib, ishlashda davom etish kerak. Kiyinish xonasida yosh futbolchilarni urushib berganim haqida ma’lumotlar paydo bo‘lganini ko‘ryapman. Bu mutlaqo yolg‘on.

Ushbu ma’lumotni tarqatgan odam, iltimos, bunday qilmang, yolg‘on gapirmang. Xohlagan kishingizdan so‘rashingiz mumkin — bu butun jamoa bilan suhbat edi. Men, Lukas (Verissimo), Arao, Gabi gapirdik — hamma o‘z fikrini bildirdi... Brazao ham. Biz bir-birimizdan ko‘prog‘ini talab qildik, chunki biz raqobatbardoshmiz va g‘alaba qozonishni xohlaymiz.

Ammo aynan yosh futbolchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan. Men bunday yolg‘onga chidab turmayman. Agar kiyinish xonasida kimgadir tanbeh berish kerak bo‘lsa — kim bo‘lishidan qat’i nazar — bu g‘alaba qozonishni xohlaydigan jamoa uchun normal holat.

Bunday vijdonsiz va yolg‘on materiallarni chop etadigan odam esa hech narsani bilmaydi. Sizlar futbol nima ekanini tushunmaysizlar, hech qachon jamoaning bir qismi bo‘lmagansizlar», — dedi Neymar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan videosida.

Ўхшаш янгиликлар