
Ronald Kuman Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyligidan iste’foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda mutaxassis o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida rasman ma’lum qildi.
Kumanning ushbu qaroriga «apelsinranglilar»ning Jahon chempionati 1/16 finalida Marokashga mag‘lub bo‘lgani sabab bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtlari 1:1 hisobida yakunlangach, niderlandiyaliklar penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berishgan edi.
«Terma jamoadagi faoliyatim bunday tarzda yakunlanayotgani juda alamli. Barchamiz tarixga kira oladigan Jahon chempionatini orzu qilgan edik. Ammo bu sodir bo‘lmadi. Bundan mendan ko‘proq hafsalasi pir bo‘lgan hech kim yo‘q. Bosh murabbiy sifatida barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman», — deb yozdi Kuman.
Shuningdek, mutaxassis futbolchilarga, murabbiylar shtabiga, Niderlandiya qirollik futbol ittifoqiga va barcha muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.
«Men qarama-qarshi tuyg‘ular bilan ketyapman. Albatta, terma jamoadagi yo‘limni Jahon chempionligi unvoni bilan yakunlashni istardim. Afsuski, bu orzuimiz amalga oshmadi», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.