
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning goli Jahon chempionati–2026 guruh bosqichidagi eng chiroyli gol deb e’tirof etildi.
Ovoz berish jarayoni FIFA rasmiy saytida o‘tkazildi. O‘zbekistonlik hujumchi Kongo DRga qarshi uchrashuvda kiritgan goli bilan Lionel Messi, Kilian Mbappe va boshqa mashhur futbolchilarni ortda qoldirdi.
FIFA mazkur gol haqida quyidagicha ta’rif berdi:
«Ajoyib uzatma va yuksak mahorat bilan yakunlangan zarba O‘zbekiston terma jamoasi uchun debyut bo‘lgan Jahon chempionatining eng yorqin bezagiga aylandi».
Eslatib o‘tamiz, sovrin uchun da’vogarlar ro‘yxatidan Jovanni Reyna (AQSH), Ismael Saybari (Marokash), Vinisius Junior (Braziliya), Feliks Nmecha (Germaniya), Elaydja Jast (Yangi Zelandiya), Kilian Mbappe (Fransiya), Lionel Messi (Argentina), Kevin Pina (Kabo-Verde), Kerim Alaybegovich (Bosniya va Gersegovina), Uilson Isidor (Gaiti), Daydzen Maeda (Yaponiya) hamda Eldor Shomurodov (O‘zbekiston) o‘rin olgan edi.