Mamlakat nomi o'zgargan, mukofot puli o'g'irlangan hamda o'lim tahdidida qolgan Kongo DR terma jamoasining mundialdagi ilk ishtirokini yodga olamiz

  • Mr.NoBoDy 27.06.2026 19:08
  • 869
  • 30

Kongo DR terma jamoasining 1974 yilgi jahon chempionatidagi ilk ishtiroki nafaqat Afrika futboli, balki jahon sporti tarixidagi eng g'alati, fojiali va siyosatlashtirilgan voqealardan biri hisoblanadi.

Mazkur jarayonning bosh qahramoni va aybdori mamlakatni 30 yildan ortiq temir qo'l bilan boshqargan diktator Mobutu Sese Seko edi.

Mobutu hokimiyatga kelgach, mamlakatni g'arb ta’siridan tozalash maqsadida "Autentiklik" (milliy o'zlikka qaytish) kampaniyasini boshladi. U mamlakat nomini Kongodan Zairga o'zgartirdi. O'zi doimo qoplon terisidan tikilgan bosh kiyim kiyib yurardi va shu sababli terma jamoaga ham "Qoplonlar" nomini berdi. Uning uchun futbol shunchaki o'yin emas, balki Zairning naqadar qudratli davlat ekanini butun dunyoga ko'rsatish vositasi edi.

1974 yili jamoa Afrika Millatlari kubogida g'alaba qozonib, G'arbiy Germaniyada o'tadigan jahon chempionatiga yo'llanma olgach, Mobutu ularni milliy qahramonlardek kutib oldi.

U har bir futbolchiga yashil rangli "Volkswagen" avtomobili va uy qurish uchun er uchastkalari sovg'a qildi. Jahon chempionatida qatnashish uchun juda katta miqdorda pul mukofotlari vada qilindi. "Qoplonlar" Afrika qitasidan (Sahroyi Kabirdan janubdagi davlatlar orasida) mundialga chiqqan tarixdagi ilk jamoaga aylandi.

Musobaqa Zair uchun Shotlandiyaga qarshi munosib o'yin (0:2 hisobidagi mag'lubiyat) bilan boshlandi. Ammo ikkinchi o'yindan oldin katta mojaro kelib chiqdi. Futbolchilarga vada qilingan mukofot pullari Mobutuning atrofidagi amaldorlar va sport mutasaddilari tomonidan o'g'irlab ketilgan edi.

Futbolchilar Yugoslaviyaga qarshi maydonga tushishdan bosh tortib, boykot e'lon qilishdi. Ularni maydonga chiqishga majburlashdi, ammo motivaciyasi tushib ketgan va ruhan ezilgan jamoa Yugoslaviyadan 0:9 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Bu jahon chempionatlari tarixidagi eng sharmandali mag'lubiyatlardan biri edi.

0:9 hisobidagi mag'lubiyat diktator Mobutuni g'azablantirdi. U buni o'ziga va butun Zairga nisbatan haqorat deb qabul qildi.

Uchinchi o'yin – amaldagi jahon chempionlari Braziliyaga qarshi o'tishi kerak edi. O'yindan oldin Mobutuning maxsus prezident gvardiyasi askarlari futbolchilarning kiyinish xonasiga kirib kelishdi.

Ular diktatorning qatiy buyrug'ini etkazishdi:

"Agar Braziliyaga 4 ta yoki undan ko'p to'p farqi bilan yutqazsanglar, uyga qaytmaganlaring maqul. Sizlarni u yerda nima kutayotganini o'zlaring yaxshi bilasizlar".

Braziliya 3:0 hisobida oldinda borayotgan paytda, braziliyaliklar jarima zarbasi tepishga hozirlik ko'rayotgan edi. Shu payt zairlik himoyachi Mvepu Ilunga jonli devordan yugurib chiqib, to'pni bor kuchi bilan stadion tribunasiga tepib yubordi.

Butun dunyo buni "afrikaliklar qoidani bilmas ekan" deb masxara qildi. Ammo yillar o'tib Ilunga bu harakatini shunday izohladi:

"Men qoidani juda yaxshi bilardim. Ammo biz vahimada edik. Agar ular to'rtinchi golni urishsa, bizni Zairda o'ldirishlari mumkin edi. Men vaqtni cho'zish va braziliyaliklarni chalg'itish uchun shunday qildim".

Jamoa Braziliyaga aynan 0:3 hisobida yutqazdi va futbolchilarning jonlari omon qoldi. Ammo ular vatanga qaytishgach, Mobutu futboldan butunlay yuz o'girdi.

Barcha moliyalashtirish to'xtatildi. Jamoani qo'llab-quvvatlash uchun tuzilgan dasturlar bekor qilindi. O'z vaqtida butun Afrikani titratgan "Qoplonlar"ning aksariyati umrining oxirigacha o'ta qashshoqlikda yashab o'tishdi.

Diktator va uning ehtiroslari qurboniga aylangan Zair (Kongo DR) futboli shundan so'ng o'nlab yillar davomida o'ziga kela olmadi. 1974 yilgi avlod esa tarix zarvaraqlarida ham qahramon, ham fojia qurbonlari sifatida muhrlanib qoldi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar