"Mundial Allplay bilan": Futbolchilari Yevropa ligalarida o'ynaydigan Kongo DR bilan yaqindan tanishamiz

  • Mr.NoBoDy 27.06.2026 14:24
  • 831
  • 30

Shimoliy Amerika qitasi davlatlari hisoblangan AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo'lib o'tayotgan Jahon chempionati guruh bosqichi hal qiluvchi o'yinlariga yetib keldi.

Yangilangan formatga ko'ra 48 ta jamoa ishtirok etayotgan ushbu mundialning "K" guruhi 3-turi doirasida O'zbekiston milliy terma jamoasi Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Tarixiy ahamiyatga ega uchrashuv AQSHning Jorjiya shtatidagi Atlanta shahrida, 71 000 muxlisni o'z bag'riga sig'dira oladigan muhtasham "Mercedes-Benz Stadium" arenasida (Toshkent vaqti bilan 28 iyun kuni tonggi soat 04:30 da) bo'lib o'tadi.

MATCHDAY.png

Dastlabki ikki tur natijalariga ko'ra, "K" guruhidagi vaziyat o'ta keskinlashgan. Kolumbiya terma jamoasi 6 ochko bilan guruh peshqadami sifatida keyingi bosqich masalasini allaqachon hal qilgan bo'lsa, Portugaliya 4 ochko to'plab, ikkinchi o'rinda bormoqda. Kongo DR terma jamoasi Portugaliya bilan durang va Kolumbiyadan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng 1 ochko bilan uchinchi o'rinni band etib turibdi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasi esa dastlabki ikki turda Kolumbiya (1:3) va Portugaliyaga (0:5) imkoniyatni boy berib, birorta ham ochko jamg'ara olmadi va -7 to'plar nisbati bilan guruhning so'nggi pog'onasiga tushib qolgan. JCH-2026 reglamentiga muvofiq, 12 ta guruhning eng yaxshi natija ko'rsatgan 8 ta uchinchi o'rin egalari pley-off (1/32 final) bosqichiga yo'l oladi. Shu sababli, bo'lajak uchrashuv Kongo DR uchun guruhdan chiqishning yagona yo'li bo'lsa, O'zbekiston uchun esa nufuz va tarixiy ilk g'alabani qo'lga kiritish imkoniyati hisoblanadi.

Kongo Demokratik Respublikasi jahon chempionatlari tarixida chuqur iz qoldirgan Afrika jamoalaridan biri hisoblanadi. Ular 1974 yilda G'arbiy Germaniyada bo'lib o'tgan Jahon chempionatida Zair nomi ostida ishtirok etib, mundialga yo'llanma olgan Sahroi Kabir ortidagi ilk Afrika davlati sifatida tarixga kirgan edi. O'sha turnirda jamoa uchta o'yinda 14 ta gol o'tkazib yuborib, birorta ham raqib darvozasini ishg'ol eta olmagan va turnirni oxirgi o'rinda yakunlagandi. Oradan yarim asrdan ko'proq vaqt – roppa-rosa 52 yil o'tib, Sebastyan Desabr boshqaruvidagi kongoliklar yana jahonning eng yirik futbol forumiga qaytishga muvaffaq bo'lishdi.

Kongo DRning JCH-2026 yo'llanmasini qo'lga kiritish jarayoni haddan tashqari murakkab va asabbuzarliklarga boy bo'ldi. Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) saralashining "B" guruhida Senegaldan so'ng ikkinchi o'rinni egallagan Kongo DR to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'ldan boy berdi. Biroq, ular qita pley-off bosqichida dastlab Kamerunni 1:0 hisobida, so'ngra Nigeriyani asosiy vaqtdagi 1:1 hisobidan keyin penaltilar seriyasida 4:3 hisobida mag'lub etib, qitalararo pley-off o'yinlariga yo'llanma oldi.

Meksikaning Gvadalaxara shahrida tashkil etilgan qitalararo pley-offning hal qiluvchi bahsida ular KONKAKAF vakili Yamayka bilan kuch sinashdi. 2026 yilning 31 mart kuni bo'lib o'tgan mazkur dramatik uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo'shimcha bo'limlarning 100-daqiqasida markaziy himoyachi Aksel Tuanzebe tomonidan kiritilgan yagona gol Kongo DRga 1:0 hisobidagi tarixiy g'alabani taqdim etdi va ular 48 jamoalik formatning eng so'nggi yo'llanmasi egasiga aylanishdi. Jami 13 ta saralash uchrashuvini o'tkazgan "Qoplonlar" 9 ta g'alaba, 2 ta durang va 2 ta mag'lubiyat qayd etib, chinakam iroda namunasini ko'rsatishdi.

Mundial oldidan AQSHga kirish uchun terma jamoa Ebola virusi bilan bog'liq cheklovlarga ham duch keldi. AQSH qonunchiligiga ko'ra, so'nggi 21 kun ichida Kongo DR, Uganda yoki Janubiy Sudanda bo'lgan fuqarolarning mamlakatga kirishiga taqiq qo'yilgan edi. Biroq AQSH Davlat departamenti terma jamoaning Yevropadagi yig'inlarda bo'lganligini inobatga olib, maxsus tibbiy protokollar asosida istisno tariqasida ularga mamlakatga kirishga ruxsat berdi.

Bosh murabbiy Sebastyan Desabr JCH-2026 turniri uchun o'zining yakuniy 26 nafarlik tarkibini e'lon qilgan bo'lib, mazkur ro'yxatdan asosan Yevropaning top chempionatlarida faoliyat yuritadigan tajribali legionerlar o'rin olgan. Tarkibga kiritilgan futbolchilarning o'rtacha yoshi 28,5 ni, o'rtacha bo'yi esa 178 sm ni tashkil qiladi va ularning aksariyati yuqori jismoniy tayyorgarlik va atletik ko'rsatkichlari bilan ajralib turadi. Takidlash joizki, musobaqa boshlanishidan bir necha kun oldin himoyachi Rokki Bushiri jarohat olgani sababli, uning o'rniga Shotlandiyaning "Kilmarnok" klubi yarim himoyachisi Aaron Tshibola chaqirildi.

Darvozabonlar: 1.Lionel Mpasi ("Gavr", Fransiya), 16.Timoti Fayulu ("Noa", Armaniston), 21.Mattyo Epolo ("Standard Lej", Belgiya).

Himoyachilar: 2.Aaron Van–Bissaka ("Vest Xem", Angliya), 3.Stiv Kapuadi ("Vidzev Lodz", Polsha), 4.Aksel Tuanzebe ("Bernli", Angliya), 5.Dilan Batubinsika ("AEL", Gretsiya), 12.Joris Kayembe ("Genk", Belgiya), 22.Shansel Mbemba ("Lill", Fransiya), 24.Gedeon Kalulu ("Aris Limasol", Kipr), 26.Artur Masuaku ("Lans", Fransiya).

Yarim himoyachilar: 6.Ngalayel Mukau ("Lill", Fransiya), 7.Natanael Mbuku ("Monpele", Fransiya), 8.Samuel Mutussami ("Atromitos", Gretsiya), 10.Teo Bongonda ("Spartak Moskva", Rossiya), 14.Noa Sadiki ("Sanderlend", Angliya), 15.Aaron Tshibola ("Kilmarnok", Shotlandiya), 18.Charlz Pikel ("Espanol", Ispaniya), 25.Edo Kayembe ("Uotford", Angliya).

Hujumchilar: 9.Brayan Chipenga ("Kastelon", Ispaniya), 11.Gael Kakuta ("AEL", Gretsiya), 13.Meshak Elia ("Alanyaspor", Turkiya), 17.Sedrik Bakambu ("Real Betis", Ispaniya), 19.Fiston Mayele ("Piramids", Misr), 20.Yoan Vissa ("Nyukasl Yunayted", Angliya), 23.Simon Banza ("Al–Jazira", BAA).

Tarkibni chuqurroq tahlil qilsak, jamoa bir nechta tayanch ustunlar atrofida qurilganligini ko'rish mumkin.

Jamoa sardori, muxlislar tomonidan "Mudofaa vaziri" deya etirof etiladigan 31 yoshli Chansel Mbemba terma jamoa safida 100 dan ortiq o'yinda maydonga tushgan. U Fransiyaning "Lill" klubi sharafini himoya qiladi va himoya markazida mutlaq yetakchi hisoblanadi. Uning havodagi kurashlardagi ustunligi va to'pni xotirjamlik bilan oldinga uzatishi jamoaga katta ishonch bag'ishlaydi. 

Desabr Angliyada tarbiyalangan va shu davlatning yuqori divizionlarida o'ynagan bir nechta himoyachilarni jalb qila oldi. "Vest Xem"ning o'ng qanot himoyachisi Aaron Van-Bissaka o'zining yakkakurashlardagi engilmas himoyasi bilan mashhur. "Byornli" vakili Aksel Tuanzebe esa himoya markazida Mbemba bilan mustahkam tandem hosil qiladi va Yamaykaga qarshi o'yinda aynan u tarixiy gol muallifiga aylangandi. Chap qanotda Artur Masuaku ("Lans") esa nafaqat mudofaada, balki hujumga qo'shilishda va standart vaziyatlarda katta xavf tug'diradi (Portugaliyaga qarshi golli uzatma muallifi).

Maydon markazida Samuel Mutussami ("Atromitos") va Charlz Pikel ("Espanol") raqib hujumlarini buzish, to'pni olib qo'yish va tezkor qarshi hujumlarni boshlashda beqiyos hajmdagi "qora mehnat"ni bajarishadi. Ayniqsa, Mutussami Desabr tizimining haqiqiy dvigateli hisoblanadi va u taktik intizomning asosiy kafolatidir. Shuningdek, 21 yoshli Ngalayel Mukau ("Lill") o'zining nafis o'yini bilan ajralib turadi. Bo'yi baland, texnik jihatdan mukammal va chap oyoqda yaxshi o'ynaydigan bu yarim himoyachi maydon markazida bosim ostida ham xotirjam harakatlana oladi.

Angliyaning "Nyukasl" klubi vakili Yoan Vissa ("Kovo" laqabli) jamoaning asosiy hujumkor qurolidir. Uning tezligi va individual mahorati Portugaliya bilan bo'lgan o'yinda o'z so'zini aytdi. Shuningdek, 21 ta xalqaro gol muallifi, tajribali Sedrik Bakambu ("Betis") himoyachilarni doimiy bosimda ushlab turadi. Afrika qitasida sensatsiyaga aylangan Fiston Mayele ("Piramids") va Simon Banza kabilar hujum chizig'idagi raqobatni yanada kuchaytiradi.

Bosh murabbiy: Sebastyan Desabr (Fransiya)

Yordamchi murabbiy: Rafael Hamidi Kuadros (Ispaniya/Jazoir)

Darvozabonlar murabbiyi: Robert Kidiaba (Kongo DR)

Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy: Gi Bukasa (Kongo DR)

2022 yilning avgustida jamoa ruliga kelgan Sebastyan Desabr o'zidan avvalgi boshboshdoqlik va beqarorlikka chek qo'yib, "Intizom maydondan boshlanishi kerak" degan qatiy tamoyilni o'rnatdi. Mahalliy muxlislar tomonidan "Oq sehrgar" yoki "Tatu Seba" (Seba ota) deb ataladigan ushbu 49 yoshli mutaxassis, bungacha Afrika qitasida Uganda terma jamoasi va Misr, Marokash, Tunis, Angola, Jazoir, Kamerun klublarida katta tajriba to'plagan edi.

Desabrning falsafasi qatiy pozicion mudofaa va tezkor hujumga o'tishga asoslangan. U jamoani shunchaki mashg'ulot o'tkazuvchi emas, balki inglizcha "menejer" uslubida boshqaradi, yani himoyaviy joylashuvdan tortib, federatsiyaning media-strategiyasigacha aralashadi. Shtabda Kongoning afsonaviy sobiq darvozaboni Robert Kidiabaning borligi esa mahalliy futbolchilar va legionerlar o'rtasidagi bog'lovchi ruhiy ko'prik vazifasini o'taydi.

So'nggi ikki yilda Kongo DR juda kam gol o'tkazib yubormoqda (saralash ciklida har 90 daqiqaga atigi 0.60 gol to'g'ri keladi). Mbemba va Tuanzebe tandemi havodagi kurashlarda benazir hisoblanadi. To'p raqibda bo'lganida, jamoa chuqur pozicion blokka qaytadi va chiziqlar orasidagi masofa minimal darajaga tushiriladi.

Kongoliklar pozicion hujum qurishdan ko'ra, to'pni olib qo'ygach tezkor qarshi hujumga o'tishni maqul ko'rishadi. Van-Bissaka yoki Masuaku to'pni egallashi bilan, oldindagi Vissa, Bakambu va Elia kabi tezkor vingerlar bo'sh hududlarga yugurishadi. Tahlillarga ko'ra, ular raqib jarima maydoniga 10 soniyadan kam vaqt ichida yetib bora oladigan tranziciya tezligiga ega.

Buydor futbolchilarning ko'pligi jarima va burchak to'plarida ularga katta ustunlik beradi. Chansel Mbemba aynan shunday vaziyatlarda gol urishda katta tajribaga ega (Kamerun bilan pley-off o'yinidagi hal qiluvchi gol aynan uning hisobiga yozilgan).

O'zbekistonga qarshi durang hech qanday naf keltirmasligi sababli, mutaxassislar Desabrning 5-3-2 sxemasidan voz kechib, yanada hujumkor 4-3-3 yoki 4-1-4-1 formatiga o'tishini kutishmoqda. Bunda markaziy himoyachi Stiv Kapuadi o'rniga kreativ yarim himoyachi Teo Bongonda maydonga tushishi, hujumkor salohiyatni keskin oshiradi. 

Guruhning so'nggi turi oldidan har ikki jamoa taqdiri qil ustida turibdi. Oldinroq takidlanganidek, yangi formatga ko'ra 12 ta guruhdagi eng yaxshi natija ko'rsatgan 8 ta uchinchi o'rin sohibi pley-offga yo'l oladi.

3orinlar yutub.png

Kongo DR: Ularning hisobida 1 ochko bor. O'zbekiston ustidan g'alaba qozonilsa, 4 ochko bilan uchinchi o'rinlar orasidagi raqobatda o'tish ehtimoli juda yuqori baholanadi. Desabr o'zining so'nggi intervyusida ochiq aytdi: "Biz tavakkal qilishimiz kerak, chunki durang etarli emas. Biz O'zbekistonning himoyasidagi muammolarni o'rgandik va ularga hujum qilamiz".

O'zbekiston: Ikki mag'lubiyat va -7 to'plar nisbati O'zbekistonni deyarli mo'jiza kutishga majbur qiladi. Lekin milliy terma jamoa faqat ochko uchun emas, balki jahon chempionatlaridagi ilk tarixiy g'alabani qo'lga kiritish va muxlislar oldida yuzini yorug' qilish uchun maydonga chiqadi.

Atlantadagi "Mercedes-Benz Stadium"da bo'lib o'tadigan ushbu bahs O'zbekiston va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari o'rtasidagi tarixdagi ilk o'zaro rasmiy to'qnashuv hisoblanadi. Kongo DRning Yevropaning kuchli chempionatlarida toblangan futbolchilardan tashkil topganligi, ularning atletik ustunligi va himoyaviy qattiqqo'lligi bu o'yinda ularni shubhasiz yaqqol favoritga aylantiradi. Portugaliya va Kolumbiya kabi grandlarga qarshi tengma-teng o'ynab, himoyada mustahkam tura olgan Afrika vakillari uchun O'zbekistonning zaiflashgan mudofaasini yorib o'tish unchalik qiyinchilik tug'dirmasligi xalqaro ekspertlar tomonidan taxmin qilinmoqda.

O'zbekiston terma jamoasi uchun esa bu o'yin nafaqat musobaqadagi oxirgi ilinj, balki Jahon chempionatlari tarixidagi ilk ochko va gollarni qo'lga kiritib, milliy g'ururni himoya qilish uchun yagona tarixiy imkoniyatdir. Kannavaro shogirdlaridan so'nggi o'yinlardagi mag'lubiyatli ruhiy tushkunlikdan chiqib, hujumda kreativlikni oshirish va mudofaada keskin individual xatolardan qochish talab etiladi. Agar Kongo DR pragmatik 5 himoyachili blokdan voz kechib, faqat g'alaba uchun ochiq futbol taklif qilsa, O'zbekistonga ham qarshi hujumlarda imkoniyatlar yaratilishi mumkin. Ikki xil futbol maktabining bunday keskin qarama-qarshiligi JCH-2026 guruh bosqichining eng qiziqarli va murosasiz uchrashuvlaridan biri bo'lishini vada qilmoqda.

JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar