
Eron terma jamoasi sardori Mehdi Taremi jamoaning JCH-2026 dagi qiyinchiliklari haqida o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Eron 3 ta o‘yinda 3 ochko jamg‘arib, G guruhida 3-o‘rinda bormoqda. Bazasi Meksikada joylashgan va AQSHga faqat o‘yinlar uchun keladigan jamoada uchinchi o‘rin bilan pley-offga chiqish imkoniyati hali ham saqlanib qolmoqda, biroq bu boshqa o‘yinlarning natijalariga bog‘liq.
«Bizga eng boshidanoq har xil narsalardan shikoyat qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu Jahon chempionati – halokat. Shunchaki halokat.
Professional sportchilar ishtirok etadigan professional turnirda bularning barchasi noto‘g‘ri. Bu adolatdan emas. Agar FIFA uchun bu normal holat bo‘lsa – mayli. Ammo bu adolatsizlik. Kim bizga yordam bermoqchi... Hech kim yordam bermayapti. Hech kim.
Muammoni kim hal qiladi? Kim? FIFAmi? Yoki, balki, AQSHmi? Bilmayman. Shunchaki menga bitta nom ayting.
Janni Infantino Yangi Zelandiyaga qarshi birinchi o‘yindan keyin kiyinish xonamizga kirib, barcha muammolarni hal qilishini aytgandi, ammo aslida FIFA hech narsa qilmadi», – dedi Mehdi Taremi.