"Portugaliyaga qarshi ruhan tayyor emasligimiz ko'rindi, Kongo DR bilan qiyin bo'ladi" - Sanat Shixov

  • Mr.NoBoDy 27.06.2026 13:24
  • 276
  • 30

O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi tarixiy yurishini davom ettirmoqda.

Vakillarimiz guruh bosqichidagi uchinchi, hal qiluvchi uchrashuvni Kongo DR terma jamoasiga qarshi o'tkazadi.
“Tezkor studiya” ko'rsatuvining navbatdagi sonida Portugaliya bilan kechgan og'ir bahs yakunlari va Kongo DR bilan kutilayotgan o'yin oldidan keng qamrovli tahlil taqdim etildi. Ko'rsatuvda mehmon sifatida sobiq futbolchi Sanat Shixov ishtirok etdi. Shuningdek, taniqli sport jurnalistlari Nodirxo'ja Yuldashev, Narzulla Saydullaev va Tolibjon Qosimov o'z fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashdilar.

4edb12d9-7b87-43dc-b3dd-3fba82973835.png

Sanat Shixov: “Portugaliya bor kartalarini O'zbekiston bilan o'yinda ochib tashladi”

Sobiq futbolchi Sanat Shixovning fikricha, Portugaliya bilan bahsda futbolchilarimizda ruhiy va jismoniy jihatdan tayyorgarlik yetishmagani sezilib qolgan:

"Yigitlarda hayajon kuchli bo'ldi, ustiga-ustak Portugaliya juda jiddiy raqib. Futbolchilarimiz bu o'yinga ham ruhan, ham jismonan to'liq tayyor bo'la olishmadi deb o'ylayman. Tayyorgarlik etarli emasligi maydonda ko'rinib turdi. Portugaliya go'yoki finalgacha bo'lgan barcha kartalarini aynan O'zbekiston bilan o'yinda ochib tashlagandek taassurot qoldirdi".


Shixov, shuningdek, raqibning kuchli va zaif tomonlarini alohida qayd etdi:

"Portugaliyaning eng kuchli chizig'i - o'rta yarim himoyasi. Lekin aynan shu chiziqda bo'shliqlar bor edi. Vitinya boshqa ish bilan shug'ullandi, Brunu Fernandesh esa faqat Ronalduni qidirib o'ynadi. Eng alamlisi, aynan o'sha pallada biz raqibga bosim qila olmadik. Kongo DR buni juda yaxshi uddalagan edi, Kolumbiya ham ularning aynan shu zaif tarafidan foydalanadi.

f9181ad4-f950-4c32-a304-7d8c17a75e11.png


Portugaliyaning orqada bo'sh hudud qoldiradigan odati bor. Nunu Mendesh orqaga qaytmaydi, Joau Kanselu esa faqat oldinda o'ynaydi. Biz ularning o'yiniga moslashib qoldik, ruhiy bosimdan chiqa olmadik. Mundialdagi bosim umuman boshqacha bo'larkan".


Narzulla Saydullaev: “Ronalduning intellekti dahshatli darajada yuqori”

Jurnalist Narzulla Saydullaev raqib tarkibidagi yulduzlarning individual mahoratiga to'xtaldi:

"Brunu Fernandesh biz bilan o'yinda juda bemalol harakat qildi. Krishtianu Ronaldu esa maydonda soniyalar ichida qaror chiqaryapti. Uning futbol intellekti dahshatli darajada yuqori ekanligi yaqqol ko'rindi".

0fc94225-1a84-40db-8e89-719bfb4d0cc5.png


Bu fikrni Sanat Shixov ham qo'llab-quvvatladi:

"O'yindan oldin Ronaldu atrofida OAVda bosim ko'paygandi. Lekin u haqiqiy hujumchi qanday o'ynashi kerakligini ko'rsatib berdi. Raqib unga ozgina imkon bersa, jazolaydi. Yigitlarni tanqid qilish niyatim yo'q, qo'limizdan kelganicha harakat qildik.


“Agar bo'lajak raqibimiz Kongo DR haqida gapiradigan bo'lsam, qur'adan oldin ularni o'rganganimda ancha kuchli jamoa ekanligiga guvoh bo'lgandim. Afrika Millatlar Kubogida ham uzoqqa borishgan. Ularning futbolchilari juda tezkor. Kongo bilan o'yin juda qiyin bo'ladi".

054cbb2a-cd53-4602-9c49-487f7f06dee0.png


Nodirxo'ja Yuldashev: “Darvozadagi kutilmagan o'zgarish va tushunarsiz taktik tajribalar...”


Jurnalist va ekspert Nodirxo'ja Yuldashev terma jamoani JCHga olib chiqqan futbolchilarga minnatdorchilik bildirgan holda, murabbiylar shtabining qarorlari haqida gapirdi. Ayniqsa, darvozabon almashinuvi va kechiqqan zaxiralar etirozlarga sabab bo'ldi:

"Futbolchilarga rahmat aytamiz, ular bizga Jahon chempionati bayramini taqdim etishdi. Lekin tashkiliy ishlar va taktik qarorlarda savollar ko'p. Masalan, Kolumbiyaga qarshi o'yinning ikkinchi bo'limida ko'rsatgan o'yinimizdan so'ng, Portugaliyaga qarshi tarkib nega bunday tanlangani tushunarsiz.

O'tkir Yusupov o'yindan bir kun oldin hamma bilan mashg'ulotlarda qatnashgan, lekin unga zaxirada qolishi haqida aytishmagan. Bu Abduvohid Ne'matov uchun ham kutilmagan sovg'a (syurpriz) bo'ldi. Futbolchi bunday bahslarga ruhan tayyorlanishi kerak. Bu holat menga 2011 yilgi Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi (0:6) kechgan yarim finalni eslatib yubordi. O'shanda ham Ignatiy Nesterov o'yinga oz qolganda o'ynay olmasligini aytgan va Temur Jo'raev olov ichida qolib ketgan edi".


Yuldashev, shuningdek, Doston Hamdamovning zaxirada qoldirilishi va taktik o'zgarishlarga ham to'xtaldi:

Doston Hamdamov nima uchun o'ynamagani ham tushunarsiz. O'yin tugashiga oz qolganda, 90-daqiqada, hisob 0:3 bo'lib turgan paytda zaxiradan futbolchi tushirilyapti. Aslida 60-daqiqalardayoq o'zgarishlar qilib, o'yinni yangilaganimizda, gol urmasak ham o'z darvozamizdan to'p o'tkazib yubormasligimiz mumkin edi. Bu to'plar nisbati uchun juda muhim edi. Xojiakbar Alijonov ikkinchi bo'limda chap qanotda o'ynadi. Behruz Karimovda kichik jarohat bor edi, aslida uni o'ngda tushirsa ham bo'lardi. Alijonov yomon futbolchi emas, lekin birdaniga Portugaliyadek raqibga qarshi umuman boshqa chiziqda o'ynash... Jahon chempionati tajriba orttiradigan yoki sinov o'tkazadigan musobaqa emas shekilli?

Alijonov chapda o'ynaganida ham yaxshi reydlar uyushtirdi, lekin u o'ngda o'ynagani maqul edi. Niderlandiya bilan yomon o'ynamagan Farruh Sayfievni tushirsa bo'lardi.

e8cd2eb8-8065-437f-ab03-5f9410c280aa.png


Umumiy o'yinni olsak, yigitlar tayyor emasligi ko'rindi va yutqazdik. Albatta, natija boshqacha bo'lganida, murabbiyning bu qarorlari to'g'ridek ko'ringan bo'lardi. Maydonda hisob 0:4 bo'lib ketgan taqdirda ham yigitlar yugurishdi, harakat qilishdi. Shunchaki o'yin o'xshamadi va biz Portugaliya chizib bergan ssenariyga tushib qoldik. Masalan, Kanselu bemalol markazda aldab yuribdi - katta jamoalar bunday xatolarni kechirmaydi".

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”“Ucell” “TT LLC”“Black Cofee”“OfoTour”

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar