"JCHda shunchaki o'ynalmaydi, imkoniyat kam bo'lsa ham oxirigacha kurashish shart!" - Pavel Solomin

  • Mr.NoBoDy 27.06.2026 10:48
  • 197
  • 30

"Oq bo'rilar" sobiq a'zosi O'zbekistonning mundialdagi o'yinlari haqida gapirdi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor ishtirok etayotgan Jahon chempionatining guruh bosqichi o'zining pallasiga kirmoqda. Vakillarimiz oldida hal qiluvchi va o'ta mas'uliyatli Kongo DR terma jamoasiga qarshi bahs turibdi.

Mazkur uchrashuv oldidan o'zbek futboli muxlislariga yaxshi tanish bo'lgan sobiq futbolchi Pavel Solomin turnir taassurotlari va vakillarimizning imkoniyatlari haqida tanqidiy va ochiq fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Yangi jamoalar va kengaytirilgan format haqida

- Bu Jahon chempionati, avvalambor, ilgari ushbu nufuzli turnirda umuman qatnashmagan ko'plab debyutant jamoalarni ko'rayotganimiz bilan ahamiyatlidir. E'tiborlisi, ularning ayrimlari o'zlarining mazmunli o'yinlari bilan ko'pchilikni ijobiy manoda hayron qoldirmoqda. Mening fikrimcha, JCH ishtirokchilari sonining kengaytirilishi butun dunyoda futbolni rivojlantirish va ommalashtirishga faqat va faqat foyda keltiradi.
Ikkinchi tomondan, yuqori darajali va aqlli futbol namoyish etayotgan grand terma jamoalarning bahslarini tomosha qilish odamga haqiqiy zavq bag'ishlayapti. Umuman olganda, joriy musobaqa juda qiziqarli o'tmoqda.

O'zbekistonning dastlabki ikki o'yini real darajamizmi?


- Menimcha, bu yerda bir muhim jihatni - biz Jahon chempionatida ilk bor qatnashayotganimizni unutmasligimiz kerak. Albatta, barchamizning istagimiz bir: terma jamoamiz maydonda yanada ishonchli va mazmunliroq o'yin ko'rsatishini xohlaymiz. Biroq dastlabki ikki turdagi raqiblarimiz shunchaki oddiy jamoalar emas, balki Jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etib keladigan va bunday yirik musobaqalarda ulkan tajribaga ega bo'lgan grandlardir.
Biz esa bu katta yo'lga endigina qadam qo'ydik. Ishonchim komilki, yaqin kelajakda nainki maydondagi ishonch, balki mahorat bobida ham hech kimdan qolishmaydigan darajaga chiqamiz.

Kannavaroning jismoniy tayyorgarlik ustida ishlagani haqida

- To'g'risi, futbolchilarimizning jismoniy tomondan sezilarli darajada oqsayotganini ko'rmayapman. Aksincha, jismoniy tayyorgarlik va chidamlilik bobida jamoada o'sish borligi aniq. Fikrimcha, murabbiylar shtabining JCH oldidan jismoniy holat ustida olib borgan rejali ishlari o'z samarasini berdi va bu borada juda yaxshi mehnat qilindi.

Kongo bilan bahsdan kutilmalar


- Mening poziciyam va futbolchilik falsafam shunday: maydonda har qanday vaziyatda ham, oxirgi soniyagacha kurashish shart! Hatto imkoniyatlar qog'ozda minimal bo'lgan taqdirda ham, jamoa o'z xarakterini va o'z o'yinini ko'rsatishi lozim.
Zero, yigitlar maydonda vatan sharafini himoya qilishyapti! Millionlab muxlislar ayni damda televizor qarshisida ko'z tikib, terma jamoamizga qayg'urmoqda, ulardan g'alaba kutmoqda. Bu - Jahon chempionati, bu yerda shunchaki o'ynalmaydi, bu yerda har bir uchrashuvda bor kuch-quvvat bilan, maksimal darajada jon berib harakat qilish talab etiladi.

Musobaqa favoritlari va Pavel Solominning taxmini

- To'g'risini aytsam, prognoz berishni unchalik xushlamayman. Ammo maydonda ko'rsatayotgan o'yin sifati va muvozanatga ko'ra, medallar uchun asosiy kurashni olib boradigan bir nechta terma jamoalarni ajratib ko'rsatishim mumkin. Bular - Argentina, Fransiya, Braziliya, Angliya va Ispaniya.

Biroq mening bu turnirdagi shaxsiy favoritim va simpatiyam - Marokash terma jamoasi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar