
Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Orelyen Tchuameni Norvegiya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin o‘z fikrlarini bildirdi. JCH-2026 uchinchi turidan o‘rin olgan uchrashuv 4:1 hisobida yakunlandi.
«Umuman olganda, guruh bosqichi yakunlarini ijobiy baholash mumkin, ayniqsa, o‘yinimiz sifati haqida gapiradigan bo‘lsak. Guruh bosqichi tugadi, endi eng muhimi boshlanadi. Biz o‘zimizga ishonishimiz, kuchli tomonlarimizdan foydalangan holda o‘ynashimiz va yanada o‘sishimiz kerak.
Bizda aql bovar qilmaydigan hujum potensiali bor, shu bilan birga hujumchilarimiz himoyada ham jamoaga yordam berishmoqda. Buning evaziga yaxshi balans saqlanib turibdi. Biz faol pressing qilishni juda xohlaymiz, ammo o‘yinni boshqarishni yanada yaxshilashimiz kerak — qachon bosimni oshirish lozimligini, qachon esa xotirjamroq harakat qilish kerakligini tushunishimiz zarur. Hech kim o‘zini ayayotgani yo‘q, har kim o‘z ishini bajarmoqda.
Dembelega kelsak, bizda emas, sizda shubhalar bor edi! Biz uning kimligini va nimalarga qodirligini juda yaxshi bilamiz. U doimo hazil qiladi, kiyinish xonasidagi eng quvnoq yigitlardan biri. U uchta gol urganida, butun jamoa u uchun chin dildan xursand bo‘ldi. Hozir biz bor e’tiborimizni oldinda kutayotgan o‘yinlarga qaratganmiz», — deya futbolchining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda RMC Sport.
Fransiyaliklar 9 ochko bilan birinchi o‘rinda marraga yetishdi. Terma jamoaning musobaqa 1/16 finalidagi raqibi keyinroq ma’lum bo‘ladi.