Jahon chempionati vaqtida yirik transferlar qanday amalga oshadi: muzokaralar, tibbiy ko'rik va to'lovlar

  • Mr.NoBoDy 26.06.2026 17:08
  • 877
  • 30

Jahon chempionati – futbolchi faoliyatidagi muhim va ko'p kuch talab qiladigan davr.

Mazkur olti hafta ko'pincha hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lib, bunda to'liq diqqat-e'tibor talab etiladi.

Ammo ushbu transfer oynasi mexanizmlarining ishlashini to'xtata olmaydi – Elliot Andersonning rekord darajadagi transferi bunga yaqqol misol va bu jarayonning asosiy qismi odatda sahna ortida kechadi.

"The Athletic" nashri futboldagi eng yirik musobaqa vaqtida transferlar qanday amalga oshishini o'rganish maqsadida bir nechta agentlar va selekciya bo'limi vakillari bilan suhbatlashdi.

"Garchi Jahon chempionati davom etayotgan bo'lsa-da, hammasi juda tez sodir bo'lishi mumkin", – deydi ushbu maqoladagi boshqalar singari munosabatlarga putur etkazmaslik uchun anonim tarzda so'zlagan agentlardan biri.

Agentlar orasidagi umumiy qoidaga ko'ra, ular o'z mijozlarini Jahon chempionatidan oldin yoki musobaqa davomida ortiqcha bezovta qilmasliklari kerak, ammo ularni muzokaralar jarayonidan xabardor qilib turishadi.

Agent qanchalik ko'p yoki kam ma'lumot berishi futbolchining xarakteriga va transfer ehtimoli uni qanchalik hayajonga solishiga bog'liq. Odatda, ular oldindan transferning amalga oshish ehtimoli va qaysi jamoaga o'tish mumkinligini kelishib olishgan bo'ladi hamda futbolchi barcha ishlarni agentga topshiradi. AQSH, Kanada va Meksikada bo'lib o'tayotgan ushbu Jahon chempionati uchun aksariyat agentlar o'z mijozlarining o'yinlarini kuzatish uchun safarga chiqishga qaror qilishgan, shuning uchun ular o'yindan oldin omad tilab xabar yuborishadi va o'yindan keyin ular bilan ko'rishishadi.

"Go'yoki hamma Jahon chempionatiga ketgandek tuyuladi", – deydi Premer-liganing bir nechta futbolchilari bilan ishlaydigan va Angliyaga qaytgan agent. "Ammo bu Zoom orqali suhbatlar yoki telefon qo'ng'iroqlarini to'xtata olmaydi".

"Jahon chempionati ko'p narsani o'zgartirmaydi", – deya qo'shimcha qiladi Premer-ligada yozning eng yirik sotuvlaridan biri bo'lishi kutilayotgan futbolchining agenti. "Agentlar baribir klublar bilan gaplashadi. Tibbiy ko'rikni chet elda ham o'tkazish mumkin. Futbolchilar garchi bilmayman deyishsa ham, aslida nimalar bo'layotganidan to'liq xabardor bo'lishadi".

Aslida, futbolchi muzokaralarning mayda-chuydasiga aralashmaydi, balki umumiy yangiliklardan xabardor bo'lib turadi. Asosiy ish futbolchining vakili va sotib oluvchi klub o'rtasida kechadi, maosh, bonuslar bo'yicha talablar va to'lov tuzilmasi odatda bundan bir necha hafta yoki oylar oldin muhokama qilib bo'linadi.

Barchasi kelishib olingach va sotuvchi klub bilan transfer narxi tasdiqlangach, futbolchidan talab qilinadigan yagona narsa tibbiy ko'rikdan o'tish va hujjatlarni imzolash bo'ladi.

Barcha tomonlar milliy terma jamoadan ruxsat so'rashi kerak bo'ladi, ammo tekshiruvlarning o'zi ko'p vaqt olmaydi va odatda bunga ruxsat beriladi. Terma jamoalar tomonidan qo'yiladigan eng ko'p uchraydigan to'siq futbolchining mashg'ulot bazasini tark etishi talab qilinadigan holatdir.

"Sizda shartnomani tekshiradigan sport huquqshunosi, muzokaralar strategiyasi bor va bularning barchasi hal bo'lgach, futbolchi xalqaro musobaqada bo'lsa ham, tibbiy ko'rikni tashkillashtirishingiz kerak", – deydi fransiyalik agentlardan biri. "Bu ular joylashgan shaharning o'zida klub shifokorini mehmonxonaga olib kelish orqali bo'ladimi, yoki terma jamoa ruxsat bersa, futbolchini klub shifokori kela oladigan joyga olib borish orqalimi – bunisini hal qilish kerak".

Garchi bu Jahon chempionati doirasida bo'lmasa-da, 2017 yilning avgust oyida Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham hech bir futbolchiga transferni yakunlash uchun Klerfonten bazasini tark etishga ruxsat berilmasligini qatiy takidlagan edi.

"Amalda esa, vaqt nuqtayi nazaridan, bizning nishonlarimiz Jahon chempionatida ishtirok etayotgan bir paytda, biz faqat klublar o'rtasidagi masalalarni yakunlaymiz", – deydi Premer-liganing ananaviy "Katta oltilik" klublaridan birining selekciya bo'limi vakili. "Bu jarayonning boshida bo'lib, ular u yerda ekanligida futbolchilar bilan uchrashuvlar o'tkazish va shaxsiy shartlarni muhokama qilishning aksidir".

Imkon qadar klublar turnir boshlanishidan oldin transferni tezroq yakunlashga harakat qilishadi. Masalan, erkin agent Raul Ximenesning qaytishini rasmiylashtirish uchun Jahon chempionatidagi ilk o'yindan oldin "Vulverxempton" delegaciyasining Meksikaga uchib borishi bunga misoldir.

Boshqa erkin agentlar, jumladan Ibraima Konate va Bernardu Silva ham musobaqaga sanoqli kunlar qolganda "Real"ga o'tishdi. Albatta, bu jarayon ancha osonroq kechadi, chunki kelishuv ikkita klub emas, balki faqat futbolchi va bitta klub o'rtasida tuziladi.

"Jahon chempionatida ishtirok etayotgan futbolchi uchun asosiy farq shundaki, agar ishonchli odamlaringiz bo'lsa, tibbiy ko'rikni dunyoning istalgan burchagida o'tkazishingiz mumkin", – deya so'zida davom etadi selekciya vakili. "Agar siz ular musobaqada ekanligida yangi futbolchi bilan muzokaralarni noldan boshlamoqchi bo'lsangiz, bu ish bermasligi mumkin, chunki ular o'zlarini bezovta qilmasliklarini istashadi".

So'nggi misollardan biri – "Liverpul"ning ispaniyalik Viktor Munosni "Osasuna"dan sotib olishi. "Liverpul" uning shartnomasidagi 40 million evro (35 million funt; 46 million dollar) tovon pulini to'lashga qaror qilgach, transfer juda tez amalga oshdi.

Shundan ko'p o'tmay Munos Ispaniya terma jamoasi joylashgan Tennessi shtatida tibbiy ko'rikdan o'tdi. "Liverpul"ning tibbiyot va jismoniy holat bo'yicha direktori Jonatan Pauer, bosh skaut Barri Xanter va fizioterapiya bo'yicha rahbar Kris Morgan boshchiligidagi xodimlarga Ispaniya futbol federatsiyasi tomonidan safarga chiqish va tekshiruvlarni nazorat qilish uchun ruxsat berildi.

Xuddi shunday, Ispaniya terma jamoasi Mark Kukurelyaning 60 million evro evaziga "Real"ga o'tishiga ham ruxsat bergan edi.

"Hammasi bir yarim yoki ikki kun ichida qilindi", – dedi Kukurelya "El Mundo" nashriga. "Jarayon ancha yaxshiroq, tezroq va ortiqcha bosh og'rig'isiz kechdi".

Mavsum yakuni ular uchun noaniqliklar bilan o'tgan bo'lsa-da, "Tottenxem Xotspur" yozgi transferlar uchun ancha oldin zamin tayyorlab qo'ygandi. Ular musobaqa arafasida erkin agentlar Endi Robertson va Markos Senesini o'z safiga qo'shib olishdi, har ikki futbolchi bilan shaxsiy shartnoma bandlari bir oy oldin kelishib olingan edi.

Yan Pol van Xekke masalasida esa, "shporlar" "Brayton" bilan transfer narxini kelishib olishlari kerak edi. Bu himoyachi Niderlandiya terma jamoasi bilan birga bo'lgan vaqtda transferning yakunlanishini kechiktirdi. Faqatgina Jahon chempionatidagi ilk o'yindan so'ng 52 million funt sterlinglik transfer narxi bo'yicha kelishuvga erishildi.

Shundan so'ng, "Tottenxem"ning yagona vazifasi tibbiy ko'rikni o'tkazish uchun Kanzasga ishonchli xodimlarini yuborish edi. "Shporlar" vakillari Niderlandiya terma jamoasining tayyorgarlik jarayoniga xalaqit bermaslik va ko'p vaqt olmasdan jarayonni nazorat qilish uchun uchib ketishdi.

"Futbolchi Jahon chempionatida o'ynayotganida bu oson emas, ammo transfer oynasi ochilgandan so'ng, biz ro'yxatdan o'tkazishda muammo bo'lmasligini bilamiz", – deydi fransiyalik agent. "Biroq Jahon chempionatidan oldin bu qisqa yoki uzoq davom etadigan jarayon bo'lishi mumkin".

"Jarayonni tezlashtirish uchun avvalgi klub futbolchining barcha tibbiy ma'lumotlarini yangi jamoa bilan baham ko'radi. Tayyorgarlikka xalaqit bermaslik uchun futbolchi shartnomani DocuSign orqali rasman imzolashi va klubga yetib borgach suratga tushishi mumkin, yoki ular mehmonxonada yuzma-yuz uchrashib imzo chekishlari va o'sha yerda suratga tushishlari ham mumkin. Jahon chempionatlari vaqtida odatda shu ikkinchi variant qo'llaniladi".

Shunday bo'lsa-da, barcha terma jamoalar futbolchilariga ehtimoliy transferlar bilan shug'ullanishga ruxsat beradi, deb o'ylamaslik kerak. Milliy terma jamoa bosh murabbiylari jamoadagi muvozanatni buzishdan xavotirlanib, oldini oluvchi qoidalarni joriy qilishlarini to'g'ri tushunish mumkin.

Turnir oldidan Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel futbolchilarning transferlarni yakunlashiga to'sqinlik qilmasligini, ammo har qanday harakat tayyorgarlikka xalaqit bermasligi kerakligini tushuntirdi.

"Bu yerda gap sog'lom aql haqida ketmoqda", – dedi Tuxel AQSHdagi ilk matbuot anjumanida. "Men transfer ishlarining o'yindan bir kun oldin yoki o'yin kuni amalga oshirilishini istamagan bo'lardim, bizning siyosatimiz shunday. Balki o'yindan ikki kun oldin ham bunga ruxsat berilmas, bunisini ko'ramiz".

"Biroq qolgan barcha holatlarda – agar bu ish maxfiy, samarali va shov-shuvsiz bajarilsa – biz doim yordam berishdan xursandmiz. Bu har qanday futbolchining atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritishga yordam beradi. Agar kimdadir klubini almashtirishni yakunlash imkoniyati bo'lsa, biz ularning yo'lida g'ov bo'lmaymiz".

Tuxelning bu fikrlari uning bir nechta shogirdlariga tegishlidir. "Manchester Siti" va yarim himoyachi Elliot Andersonning vakillari o'rtasida bir necha haftadan beri muzokaralar olib borilayotgan edi. Futbolchi kelajagi atrofidagi kuchayib borayotgan mish-mishlar uni chalg'itmayotganini aytgan bo'lsa-da, kelishuvdagi har qanday siljishni ehtiyotkorlik bilan boshqarish kerak edi. Ma'lum bo'lishicha, transfer summasi payshanba kuni oqshomda kelishilgan va Angliya terma jamoasi juma kuni ertalab Nyu-Yorkda tibbiy ko'rikdan o'tishga ruxsat bergan.

Xuddi shunday holat Markus Reshford, Jon Stounz va vositachilar orqali uning vaziyatini kuzatib borayotgan bir nechta Premer-liga va Yevropa klublari nishonida bo'lgan Morgan Rojers bilan ham yuz berishi mumkin. "Aston Villa" Anderson va uning narxidan Rojersning sotuvi uchun o'lchov sifatida foydalanmoqda, shuning uchun ikkala futbolchi ham xalqaro musobaqa oldidan o'xshash vaziyatga tushib qolishgan, ammo "Villa" yulduzi yozning oxirrog'ida nimalar bo'lishini kutishiga to'g'ri keladi.

"Men vaziyatni tinchlantirish va yordam berish uchun doim tayyorman", – deya so'zida davom etdi Tuxel. "Biz ularga chalg'ituvchi omillarni engib o'tib, bor diqqat-e'tiborini jamlashlari va biz ular uchun ajratgan rolni eng yaxshi tarzda bajarishlari mumkin bo'lgan o'z muhitini yaratishga yordam berishimiz kerak. Agar klublar sizni sotib olmoqchi bo'lsa va sport direktorlari, agentlar va murabbiylar siz bilan telefon orqali bog'lanishga urinsa, bu qanchalik chalg'itishini ko'rib turibman. Bu ayni haqiqat".

"Biz doim futbolchiga qarorni musobaqa boshlanishidan oldin, iloji boricha ertaroq qabul qilishni tavsiya qilamiz, lekin bu har doim ham imkonli bo'lavermaydi. Bu borada yolg'iz emasmiz, shunchaki vaziyat shunday tus oladi".

Andersonning "Nottingem Forest"dagi o'rnini Lukas Bergvall egallashi mumkin. "The Athletic" xabariga ko'ra, Bergvall "shporlar"ga jamoadan ketish istagi borligini ma'lum qilgan, bu xabar Shvetsiya terma jamoasi bilan Jahon chempionatida ishtirok etayotgan vaqtda vakillar orqali etkazilgani aniq. Bu agentning o'z futbolchisining nima istayotganini bilishi va o'z navbatida, futbolchi bor e'tiborini o'yinga qaratgan bir vaqtda muzokaralarni olib borishiga yaqqol misoldir.

"Transferni amalga oshirish umuman olganda bir xil jarayon", – deydi bir nechta taniqli futbolchilar bilan ishlaydigan agent. "Futbolchilarning bo'sh vaqti va o'yinlar taqvimiga qarab bu biroz nozikroq bo'lishi mumkin, ammo agar jiddiy qiziqish bo'lsa, ishlar oldinga siljiydi".

Jahon chempionatida va Angliya futbol ligasining quyi divizionlarida futbolchilari bor bo'lgan boshqa agentlarning takidlashicha, eng yuqori darajadan boshlanuvchi "to'xtab qolish" holati mavjud va bu sustkashlik transfer bozorining quyi pog'onalariga ham ta’sir qilmoqda.

Bu qisman ko'pchilik klublarning moliyaviy yili 30 iyun kuni yakunlanishi bilan bog'liq, chunki ko'plab jamoalar shu sanadan keyin pul sarflashni afzal ko'rishadi. Bu shuni anglatadiki, sahna ortidagi aksariyat muzokaralar Jahon chempionatining dastlabki haftalarida bo'lib o'tadi va iyul oyi boshlanishi bilan faollik ortadi.

"Har bir mamlakatda tinchlik hukm surmoqda", – deydi xalqaro agentlardan biri. "Hammasi avgust oyida sodir bo'ladi, chunki aksariyat futbolchilar AQSHda va jarayonga yangi qo'shilayotgan klublar uchun o'z loyihasini taqdim etish juda murakkab. Shuningdek, ko'pchilik klublar sotib olishdan oldin kimnidir sotishi kerak, shuning uchun qaysi jamoalar bu jarayonni boshlashini kutishimiz lozim. Bundan tashqari, Yevropadagi ko'plab klublarda yangi murabbiylar ish boshlagan, shu sababli ularga transfer maqsadlarini aniqlab olish uchun vaqt kerak".

"Klublar va agentlar o'rtasida muzokaralar bo'lishi mumkin, ammo sotuvchi klub futbolchining global maydondagi ishtiroki sababli talablarini o'zgartirishi hech gap emas", – deya qo'shimcha qiladi agentlardan biri. "Shundan so'ng ular transfer narxi bo'yicha maqsadlarini ham o'zgartirishadi (yuqoriroq narx talab qilishadi)".

Sotuvchi klublar agentlarga agar ularning mijozlari ketmoqchi bo'lsa, bu katta ehtimol bilan Jahon chempionatining oxirlarida yoki undan keyin sodir bo'lishini tushuntirishadi. Xaridorlarning futbolchini kuzatish uchun qanchalik ko'p ma'lumotlar va uzoq muddatli skautingga tayanishini hisobga olsak, bu biroz eskicha yondashuvdek tuyulishi mumkin, lekin klublar turnirdagi yorqin o'yinlar orqali transfer summasini oshirishga umid qilishadi.

Shu bilan birga, Jahon chempionati futbolchining o'z klubidan uzoq vaqt davomida uzilib qolishidek xavfni ham keltirib chiqaradi. Bu beqarorlikka olib kelishi mumkin va buni Argentina terma jamoasi hujumchisi Xulian Alvaresning Avstriya ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g'alabadan so'ng "Atletiko Madrid"ni tark etish istagini ochiq tan olgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Agar terma jamoadagi sheriklarining klubi ma'lum bir futbolchini o'z safida ko'rmoqchi ekanligini ma'lum qilgan bo'lsa, o'sha jamoadoshlaridan bu haqda iliq fikrlar bildirib qo'yish so'ralishi ham mumkin.

Bular begona ko'zlardan va jamoatchilik e'tiboridan chetda, Jahon chempionati vaqtida bo'lib o'tadigan kichik, maxfiy muzokaralardir. Muzokaralar tibbiy ko'rikdan o'tish va hujjatlarning so'nggi qismini imzolash bosqichiga yetib kelgandagina, futbolchining klubi va milliy terma jamoasi o'rtasidagi kesishuv sodir bo'ladi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar