
«Inter Mayami» safida to‘p surayotgan Urugvay terma jamoasi sobiq hujumchisi Luis Suares vatandoshi Darvin Nunyesning istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Ayni paytda 27 yoshli hujumchi Saudiya Arabistonining «Al-Xilol» klubida o‘ynamoqda. Biroq, avvalroq xabar berilganidek, Nunyes Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishdan oldin to‘p surgan «Liverpul» klubiga qaytishi mumkin.
«Men unda yuqori darajaga qayta oladigan futbolchini ko‘ryapman. Agar u o‘zining maksimal darajasiga chiqa olsa, menga juda yoqadigan hujumchiga aylanadi. U tezkor, kuchli va katta kuch-quvvatga ega», — dedi Suaresning so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Mundo Deportivo» nashri.
Nunyesning «Al-Xilol» bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan. «Transfermarkt» o‘yinchining qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.