
Jahon chempionatida hal qiluvchi 3-tur o‘yinlari davom etmoqda. Biroz avval "C" guruhida guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvlari yakuniga yetdi.
Braziliya terma jamoasi so‘nggi turda Shotlandiyaga qarshi maydonga chiqib, 3:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bahsda Vinisius Junior dubl qayd etgan bo‘lsa, Mateus Kunya yana bir golga mualliflik qildi.
Guruhning parallel kechgan ikkinchi o‘yinida Marokash Gaiti ustidan 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Afrikaliklar safida Ashraf Hakimiy, Ismoil Saybari, Sofiyan Rahimiy va Gessime Yassine raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Gaitining gollaridan birini Uilson Isidor kiritgan bo‘lsa, yana bir to‘pni marokashliklar darvozaboni Yassin Bunu o‘z darvozasiga joylab qo‘ydi (avtogol).
Shu tariqa, C guruhida Braziliya 7 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi. Xuddi shuncha ochko jamg‘argan Marokash terma jamoasi to‘plar nisbatidagi farq tufayli 2-o‘rinda qoldi. Shotlandiya 3 ochko bilan 3-pog‘onani band etgan bo‘lsa, biror ochko ololmagan Gaiti so‘nggi o‘rin bilan turnirni tark etdi.