
Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymarning otasi Neymar da Silva o‘g‘lining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ehtimoliy debyuti arafasida unga dalda beruvchi murojaat yozib qoldirdi. Guruh bosqichi 3-turidan o‘rin olgan Shotlandiyaga qarshi bahs 34 yoshli hujumchi uchun mazkur turnirdagi dastlabki o‘yinga aylanishi mumkin. Boisi, u jarohati sababli dastlabki ikkita uchrashuvni o‘tkazib yuborgan edi.
«Yaratgan bizga shu vaqtgacha yordam berib keldi... Mana, vaqt keldi. Biz bularning barchasini birgalikda boshdan kechiramiz. Omad yor bo‘lsin, o‘g‘lim! Omad, Braziliya! Xudo seni o‘z panohida asrasin va madadkor bo‘lsin! Yugur, yigitcha, yugur — xuddi bu hayotingning so‘nggi kunidek bor kuching bilan yugur», — deydi katta Neymar ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan videomurojaatida.
Bundan oldinroq Karlo Anchelotti Neymar «C» guruhi 3-turi doirasidagi Shotlandiya terma jamoasiga qarshi o‘yinda ishtirok eta olishini tasdiqlagan edi. Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni «Santos» klubidagi o‘yinda o‘ng oyoq boldir mushagidan olgan jarohati tufayli Neymar JCH-2026'dagi dastlabki ikki o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgandi.