
JCH-2026
3-tur
Portugaliya – O'zbekiston 5:0
Bosh hakam: Jalol Jaed
Yordamchi hakamlar: Zakariya Brinsi, Mustafa Akarkad
To'rtinchi hakam: Abongile Tom
VAR hakami: Leodan Gonsales
VAR yordamchilari: Hamza El-Farik, Ernan Mastranjelo
Zaxira yordamchi hakami: Zaxele Sivela
O'yin direktori: Feliks Lena
FIFA komissari: Ali Al-Naimi
Gollar: 1:0 – 6, Krishtianu Ronaldu (Joau Kanselu), 2:0 – 17, Nunu Mendesh, 3:0 – 39, Krishtianu Ronaldu (Brunu Fernandesh), 4:0 – 60, Abduvohid Ne'matov (avtogol), 5:0 – 88, Rafael Leau
Portugaliya: 1. Diogu Koshta, 3. Ruben Diash, 7. Krishtianu Ronaldu (s), 8. Brunu Fernandesh, 11. Joau Feliks (16. Fransishku Trinkau, 63), 13. Renatu Veyga, 15. Joau Nevesh (10. Bernardu Silva, 76), 18. Pedru Netu (26. Fransishku Konseysau, 46), 20. Joau Kanselu (6. Mateush Nunesh, 46), 23. Vitinya (17. Rafael Leau, 83), 25. Nunu Mendesh.
Zaxira: 12. Joze Sa, 22. Rui Silva, 2. Nelson Semedu, 4. Tomash Arauju, 5. Diogu Dalot, 9. Gonsalu Ramush, 14. Gonsalu Inasiu, 19. Gonsalu Gedesh, 21. Ruben Nevesh, 24. Samu Koshta.
O'zbekiston: 12. Abduvohid Ne'matov, 2. Abduqodir Husanov, 5. Rustam Ashurmatov, 7. Otabek Shukurov (23. Sherzod Esanov, 90+2), 9. Odiljon Hamrobekov (6. Akmal Mozgovoy, 46), 13. Sherzod Nasrullaev (3. Hojiakbar Alijonov, 46), 14. Eldor Shomurodov (s), 18. Abdulla Abdullaev, 19. Azizjon G'aniev, 22. Abbosbek Fayzullaev (21. Igor Sergeev, 73), 24. Behruzjon Karimov (10. Ruslanbek Jiyanov, 90+2)
Zaxira: 1. O'tkir Yusupov, 16. Botirali Ergashev, 4. Farruh Sayfiev, 8. Jamshid Iskanderov, 11. Oston O'runov, 15. Umar Eshmurodov, 17. Dostonbek Hamdamov, 20. Azizbek Amonov, 25. Avazbek O'lmasaliev, 26. Jahongir O'rozov.
Ogohlantirishlar: Odiljon Hamrobekov (14), Renatu Veyga (68)
Uchrashuv yakunlandi!
Hakamning final hushtagi chalindi. O'zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o'rtasidagi keskin va qiziqarli kechgan uchrashuv o'z nihoyasiga etdi. Vakillarimiz maydonda bor kuchlari bilan harakat qilishdi, biroq bu safar tajribali raqib mahorat bobida ustunlik qildi.
Uchrashuv Portugaliya terma jamoasining 5:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. Bu mag'lubiyat terma jamoamiz uchun kelgusi rasmiy o'yinlar oldidan o'z xatolari ustida ishlash va katta tajriba to'plash uchun yaxshi dars bo'ldi, deyish mumkin.
90+2-daqiqa. O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi uchrashuv so'nggida tarkibda bir yo'la ikkita o'zgarishni amalga oshirdi. Zaxiradan yangi kuchlar maydonga tushirildi – murabbiylar shtabi o'yin yakunida yangi futbolchilarga ham imkoniyat berishga qaror qildi.
90-daqiqa. Uchrashuvning asosiy vaqti o'z nihoyasiga etdi. Bosh hakam ikkinchi bo'limdagi to'xtalishlar, futbolchilarning jarohatlari va o'yinchilar almashtirilishini inobatga olib, mazkur bo'limga 5 daqiqa vaqt qo'shib berdi.
88-daqiqa. Gol... Portugaliya beshinchi to'pni kiritdi.
Raqiblarning navbatdagi tezkor hujumi gol bilan yakunlandi. O'ng qanotdan boshlangan hujum jarima maydonchasi markazida turgan Krishtianu Ronalduga pas uzatildi. Himoyachimiz jonbozlik ko'rsatib, to'pni qaytarishga erishdi, biroq qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Leau kuchli zarba yo'lladi. Abduvohid Ne'matov bu vaziyatda jamoani qutqara olmadi. Hisob – 5:0.P.S. Futzal bo'yicha 2016 yilgi jahon chempionati guruh bosqichidagi Portugaliya – O'zbekiston uchrashuvida 5:1 hisobi qayd etilgandi.
83-daqiqa. Portugaliya terma jamoasi tarkibida so'nggi o'zgarishlardan biri.
Jarima maydonchasi ichida xavf tug'dirib turgan Vitinya maydonni tark etdi. Uning o'rniga bosh murabbiy Rafael Leauni o'yinga tushirdi. Portugaliyaliklar chap qanot hujumini yanada jonlantirishmoqchi.
78-daqiqa. Xavfli vaziyat! Vakillarimiz gol urishga juda yaqin kelishdi. Terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov qulay nuqtaga chiqib borib, raqib darvozasini nishonga oldi. Uning yo'llagan kuchli zarbasiga birozgina aniqlik yetishmadi.
76-daqiqa. Tezkor tuzatish. Portugaliya terma jamoasida Jota emas, balki maydon markazida harakat qilgan Joau Nevesh zaxiraga olindi. Uning o'rniga Bernardu Silva maydonga tushdi. Murabbiy yarim himoya chizig'ini yangilamoqda.
73-daqiqa. O'zbekiston terma jamoasi tarkibida navbatdagi o'zgarish amalga oshirildi.
Maydonda faol harakat qilgan Abbosbek Fayzullaev zaxiraga olindi. Murabbiylar shtabi uning o'rniga Igor Sergeevni maydonga tushirib, hujum chizig'ini kuchaytirishga qaror qildi.
73-daqiqa. Portugaliyaliklardan chap qanot orqali tezkor hujum. Nunu Mendesh chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga juda aniq pas uzatdi. U yerda turgan Krishtianu Ronaldu to'pni to'xtatmay darvozaga yo'lladi. Baxtimizga, zarba yo'liga to'siq bo'lgan himoyachimizga tegib, to'p maydonni tark etdi. Burchak to'pi.
68-daqiqa. Uchrashuv bosh hakami o'yinda kichik tanaffus e'lon qildi – “kuling-brek”. Issiq ob-havo tufayli futbolchilarga suv ichib olish va maydon chetida murabbiylardan yangi ko'rsatmalar olish uchun imkoniyat berildi. Jamoalar bahsning so'nggi qismi oldidan kuch yig'ib olishmoqda.
68-daqiqa. Tezkor qarshi hujumga o'tayotgan vakillarimiz qo'pollik bilan to'xtatib qolindi. Portugaliya terma jamoasi a'zosi Renatu Veyga taktik fol ishlatgani uchun uchrashuv bosh hakami tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
63-daqiqa. Portugaliya terma jamoasi tarkibida navbatdagi o'zgarish.
Maydonda juda faol harakat qilgan Joau Feliks zaxiraga olindi. Uning o'rniga bosh murabbiy Fransishku Trinkauni o'yinga tushirdi. Portugaliyaliklar tarkibni yangilashda davom etishmoqda.
60-daqiqa. Gol... To'p darvozamizda.
Portugaliyaliklar burchak to'pini qisqa paslar bilan o'yinga kiritishdi. Jarima maydonchamiz ichiga pastlatib uzatilgan to'pdan so'ng himoyada haqiqiy pala-partishlik yuzaga keldi. To'pni uzoqlashtirishga harakat qilingan vaziyatda, u darvozabonimiz Abduvohid Ne'matovning qo'liga tegib, kutilmaganda darvoza to'riga borib tushdi. Avtogol sifatida qayd etilishi mumkin bo'lgan noxush vaziyat. Hisob – 4:0.
58-daqiqa. Juda xavfli vaziyat! Krishtianu Ronaldu harakatlari bilan himoyachilarimizni chalg'itib, jarima maydonchasi ichiga kirib bordi. Brunu Fernandesh unga juda aniq uzatma etkazib berdi va Ronaldu darvozabonimiz bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi. Uning yaqin masofadan yo'llagan kuchli zarbasini Abduvohid Ne'matov mahorat ko'rsatib, qaytarishga erishdi! To'p darvozabonimizga tegib maydondan chiqib ketdi. Burchak to'pi.
55-daqiqa. Terma jamoamiz vakillari faollikni oshirishmoqda. Otabek Shukurov qulay imkoniyatga ega bo'ldi va raqib darvozasi tomon kuchli zarba yo'lladi. Biroq to'p yo'liga to'siq bo'lgan Portugaliya himoyachisiga tegib, maydonni tark etdi. Hakam burchak to'pi ko'rsatdi. Vakillarimizdan xavfli vaziyat kutamiz.
52-daqiqa. Vakillarimizdan tezkor javob hujumi! Abbosbek Fayzullaev qulay nuqtaga chiqib bordi va raqib darvozasini nishonga oldi. Uning yo'llagan zarbasi aniq chiqdi, biroq Portugaliya terma jamoasi posboni Diogu Koshta o'z o'rnida ishonchli harakat qilib, to'pni to'g'ri qo'llariga ushlab oldi.
51-daqiqa. Himoyamizda xatolik yuzaga kelishi mumkin edi. Darvozabonimiz Abduvohid Ne'matov orqaga uzatilgan to'pni qaytarishda biroz qiyinchilikka uchradi. Bundan foydalangan Krishtianu Ronaldu unga nisbatan faol bosim uyushtirdi. Ne'matov to'pni qiyinchilik bilan autga tepib yuborishga majbur bo'ldi. Vaziyat xavfli tus olishi mumkin edi.
46. Ikkinchi bo'lim boshlandi. Ha, birinchi bo'limda O'zbekiston terma jamoasining o'yini qovushmadi. Hechqisi yo'q, tushkunlikka tushmang. Zero, dunyoda faqat ikki xil odam mutlaqo xato qilmaydi va omadsizlikka uchramaydi: biri hali tug'ilmagan, ikkinchisi esa allaqachon vafot etgan.

46-daqiqa. Ikkinchi bo'lim boshlanishi bilan O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi tarkibda ikkita o'zgarishga qo'l urdi.
Sherzod Nasrullaev o'rniga Hojiakbar Alijonov maydonga tushgan bo'lsa, Odiljon Hamrobekov o'z o'rnini Akmal Mozgovoyga bo'shatib berdi. Murabbiylar shtabi yangi kuchlar evaziga o'yinni jonlantirishga harakat qilmoqda.
Portugaliya terma jamoasi tarkibida ham ikkita o'zgarish amalga oshirildi.
Pedru Netu o'rniga Fransishku Konseysau o'yinga qo'shildi. Joau Kanselu esa maydonni tark etdi, uning o'rniga Mateush Nunesh uchrashuvni davom ettiradigan bo'ldi. Murabbiy tarkibni yangilab olmoqda.

Birinchi bo'lim yakunlandi. Birinchi goldan keyin Farg'onada, keyingisidan so'ng Termizda chiroq o'chgani haqida izohlarga ko'zim tushdi. Elektr energiyasi navbatdagi gol uchun alamini qaysi hududdan olishidan bexabarman. Balki ertaroq uxlash to'g'ri yo'ldir.
45+6-daqiqa. Juda xavfli vaziyat! Krishtianu Ronaldu birinchi bo'limning so'nggi soniyalarida xet-trik qayd etishi mumkin edi. U darvozabonimiz Abduvohid Ne'matov bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va to'pni uning ustidan tashlab qo'ydi. To'p bo'sh qolgan darvoza to'riga kirib ketayotgan bir paytda, orqaga katta tezlikda yugurib kelgan Abduqodir Husanov fidoiylik ko'rsatdi va to'pni darvoza chizig'i ustidan qaytarib yubordi! Dahshatli seyv!
45+2-daqiqa. Vakillarimiz gol urish uchun oldinga intilishmoqda. Odiljon Hamrobekov qulay nuqtaga chiqib bordi va raqib darvozasi tomon kuchli zarba yo'lladi. Biroq Portugaliya himoyachisi to'p yo'liga g'ov bo'lib, zarbani bloklashga ulgurdi.
45-daqiqa. To'rtinchi hakam Abongile Tom tabloni ko'tardi. Birinchi bo'limning asosiy vaqtiga bosh hakam tomonidan 6 daqiqa vaqt qo'shib berildi.
43-daqiqa. Futbolchilarimiz raqib darvozasi tomon yo'l izlashda davom etishmoqda. Otabek Shukurov darvozadan ancha uzoq masofadan o'z omadini sinab ko'rishga qaror qildi va kuchli zarba yo'lladi. Biroq to'p mo'ljalga aniq tegmadi va darvozadan ancha yuqorilab ketdi.
42-daqiqa. Portugaliyaliklar yana hujumda. Joau Feliks terma jamoamiz jarima maydonchasi ichida to'pni qabul qilib oldi va chap oyoqda darvoza tomon zarba yo'lladi. Baxtimizga, uning yo'llagan zarbasi darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi. Vaziyat xavfli edi.
39-daqiqa. Gol! Krishtianu Ronaldu dubl qayd etdi.
Portugaliyaliklar hisobni yirik ko'rinishga keltirishmoqda. Maydon egalarining navbatdagi hujumi gol bilan yakunlandi – Krishtianu Ronaldu vaziyatni golga aylantirib, o'zining bugungi o'yindagi ikkinchi golini urdi va hisobni 3:0 ko'rinishiga olib keldi. Himoyamizda yana bo'shliq yuzaga keldi.
Futbol – yigirma ikki kishining ichmay, chekmay, sog'lig'iga e'tibor berib, doimiy ravishda sport bilan shug'ullanishi. Millionlab boshqa odamlar esa ular uchun qayg'urib, ekran qarshisida ichib, chekib, bir-birining asabini buzib, salomatligiga zarar etkazadi.
36-daqiqa. Terma jamoamizning tezkor hujumi. Eldor Shomurodov to'p bilan oldinga qarab intildi va o'ng qanotda ochilgan Azizjon G'anievni to'p bilan taminladi. Biroq Portugaliya himoyachilari bu vaziyatda ishonchli o'ynab, G'anievdan to'pni olib qo'yishga erishishdi.
33-daqiqa. Vakillarimiz jarima zarbasini qo'lga kiritishdi. Azizjon G'aniev to'pni jarima maydonchasi ichiga havolatib uzatib berdi. Biroq uzatma biroz kuchli chiqdi – Odiljon Hamrobekov yugurib borib ham to'pga eta olmadi va to'p hech kimga tegmasdan maydonni tark etdi. Raqib futbolchilari to'pni o'yinga kiritishadi.
31-daqiqa. Yo'q, gol inobatga olinmadi... VAR hakami Leodan Gonsales vaziyatga aralashdi va bosh hakamni ekran yoniga chaqirdi.
Videotakrorlardan so'ng ma'lum bo'ldiki, hujum boshlanish vaqtida Abbosbek Fayzullaev raqib futbolchisiga nisbatan fol ishlatgan ekan. Bosh hakam Jalol Jaed Azizjon G'anievning supergolini bekor qildi. Stadionda hushtaklar chalinmoqda. Hisob o'zgarishsiz qoldi – 2:0.
29-daqiqa. GOOOOOL! Azizjon G'anievdan supergol!
Maydonda haqiqiy sanat asari! Vakillarimiz raqib darvozasi tomon yurish qilishdi. To'pni qabul qilib olgan Azizjon G'aniev darvozadan ancha uzoq masofada bo'lishiga qaramay, tavakkal qildi va dahshatli pushka zarba yo'lladi! To'p yuqori tezlikda Diogu Koshta darvozasining to'qqizligiga borib tushdi! Bu shunchaki dahshat, mahorat evaziga urilgan gol! Hisob qisqardi – 2:1!
28-daqiqa. Maydon markazida qo'pollik ishlatildi. Odiljon Hamrobekov Portugaliya yarim himoyachisi Vitinya tomonidan yiqitildi. Bosh hakam Jalol Jaed vaziyatni kuzatib bordi va bu safar raqib futbolchisini og'zaki ogohlantirish bilan cheklandi.
23-daqiqa. Bosh hakam Jalol Jaed o'yinni to'xtatdi. Maydonda – “kuling-brek”. Futbolchilar issiq havo tufayli suv ichib, nafaslarini rostlab olish uchun zaxira o'rindiqlari yoniga yo'l olishdi. Murabbiylar esa ushbu qisqa tanaffusdan o'z ko'rsatmalarini berish uchun foydalanishmoqda.
21-daqiqa. Portugaliyaliklar chap qanotdan xavfli hujum uyushtirishdi. Raqib futbolchisi katta tezlikda chap qanotdan jarima maydonchamiz ichiga yorib kirdi va markazga uzatma berdi. Baxtimizga, himoyachimiz vaziyatni to'g'ri baholab, to'pni qaytarib yuborishga erishdi.
19-daqiqa. Vakillarimizdan ilk xavfli zarba! Sherzod Nasrullaev raqib darvozasi tomon kuchli zarba yo'lladi. Biroq Portugaliya terma jamoasi posboni Diogu Koshta o'z o'rnida to'g'ri poziciya tanlab, to'pni ishonchli tarzda egallab oldi.
17-daqiqa. Gol! Nunu Mendesh hisobni oshirdi.
Belgilangan juda xavfli jarima zarbasini Nunu Mendesh o'z zimmasiga oldi. Uning darvoza tomon yo'llagan kuchli va aniq zarbasi darvoza to'ridan joy oldi. Abduvohid Ne'matov qanchalik harakat qilmasin, to'pni qaytara olmadi – 2:0.
14-daqiqa. Odiljon Hamrobekov o'z maydonchamiz yaqinida to'pni qabul qilishda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Natijada to'pni oldirib qo'ygan yarim himoyachimiz raqibning xavfli qarshi hujumini to'xtatib qolishga majbur bo'ldi va jarima maydonchasi chizig'i ustida Pedru Netuni yiqitdi.
Bosh hakam Jalol Jaed Odiljon Hamrobekovni sariq kartochka bilan jazoladi. Portugaliyada juda xavfli nuqtadan jarima zarbasi yuzaga keldi.
11-daqiqa. Brunu Fernandesh belgilangan jarima zarbasidan to'pni xavfli tarzda darvoza tomon uzatdi. Darvozabonimiz Abduvohid Ne'matov ishonchli harakat qilib, to'pni mushtlari bilan urib yubordi va xavfni bartaraf etdi.
10-daqiqa. Vakillarimiz himoyada qoida buzishdi. Behruzjon Karimov qanotda Joau Feliksni yiqitib, o'yinni to'xtatdi. Portugaliya terma jamoasi burchak bayroqchasiga yaqin nuqtadan jarima zarbasini amalga oshiradi. Diqqatli bo'lamiz.
6-daqiqa. GOL! Ronalduning azaliy orzularidan biri ushaldi. U O'zbekiston darvozasiga to'p kiritish uchun 41 yil-u, 4 oy-u 18 kun kutishiga to'g'ri keldi.

4-daqiqa. Portugaliyaliklardan yana bir xavfli hujum. Nunu Mendesh chap qanotdan jarima maydonchasi markaziga aniq uzatma amalga oshirdi. Vaziyat markazida bo'lgan Krishtianu Ronalduga to'pga yetish uchun bir oz aniqlik yetishmadi. Himoyachilarimiz to'pni uzoqlashtirishdi.
2-daqiqa. Xavfli vaziyat! Portugaliyaning hujumi davom etmoqda. Brunu Fernandesh jarima maydonchasi ichida, taxminan 11 metrlar chamasi masofadan chap oyoqda kuchli zarba yo'lladi. Baxtimizga, to'p himoyachimizga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Burchak to'pi.
2-daqiqa. Portugaliya terma jamoasi ilk xavfli hujumini tashkil etdi. Brunu Fernandesh o'ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatma amalga oshirdi. Vaziyatni diqqat bilan kuzatib turgan Abdulla Abdullaev to'pni qaytarib, xavfni bartaraf etdi.
1. Uchrashuvga start berildi. O'zbekiston terma jamoasi PlayStation emas, chinakam maydonda Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya bilan kuch sinashmoqda. Hamyurtlarimizga omad tilaymiz!
Jamoalar maydonga chiqib kelishdi. O'zbekiston terma jamoasi bugun oq, Portugaliya esa ananaviy qizil libosda harakat qiladi. Har ikki davlat madhiyalari yangramoqda. Stadionda ajoyib atmosfera!