
2026 yilgi jahon chempionati "K" guruhi 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda futbol tarixidagi yangi rekord o‘rnatildi.
Ma’lum qilinishicha, maydonda to‘p surgan ikki futbolchi — Krishtianu Ronaldu va Behruzjon Karimov o‘rtasidagi yosh farqi jahon chempionatlari tarixidagi eng katta ko‘rsatkich bo‘ldi.
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘yin paytida 41 yosh 4 oy 18 kunlik bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston himoyachisi Behruzjon Karimov 18 yosh 10 oy 16 kunlik edi. Ularning o‘rtasidagi yosh farqi 22 yil 183 kunni tashkil etdi.
Avvalgi rekord 1994 yilgi jahon chempionatida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda kamerunlik Roje Milla va rossiyalik Vladimir Beschastnix o‘rtasidagi farq 21 yil 321 kun bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Portugaliya ustunlikni oshirib, hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi.