
FIFA 2026 yilgi jahon chempionati final uchrashuvi tanaffusida keng ko‘lamli shou dasturini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Transfer News Live ma’lumotiga ko‘ra, tomosha dasturi taxminan 30 daqiqa davom etishi mumkin. Bu esa futbol o‘yinlaridagi an’anaviy tanaffus vaqtidan ancha uzoq hisoblanadi. Tashkilotchilar mashhur Superboul tanaffus shousiga o‘xshash tomosha tayyorlashni maqsad qilgan.
Kutilishicha, dasturda jahon musiqa yulduzlari ishtirok etadi. Ular orasida Shakira, Madonna va janubiy koreyalik BTS guruhi ham bor. FIFA finalni nafaqat yilning eng muhim futbol voqeasi, balki dunyodagi eng yirik ko‘ngilochar shouga aylantirishni maqsad qilmoqda.
Shu bilan birga, manba ma’lumotiga ko‘ra, Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi musiqiy chiqishni efirga uzatmaslik va tanaffus vaqtida o‘yin tahlili hamda ekspertlar fikrlariga e’tibor qaratish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 finali 19 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtati, Ist-Raterford shahridagi "Metlayf Stedium" stadionida bo‘lib o‘tadi. Arena qariyb 82 500 tomoshabinga mo‘ljallangan. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da boshlanadi.