
Taniqli portugaliyalik agent Paulu Barboza Jahon chempionati — 2026 guruh bosqichidan o‘rin olgan Portugaliya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi bo‘lajak o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«To‘g‘risini aytsam, Portugaliya O‘zbekistonni mag‘lub eta olishiga ishonchim komil emas. Bu juda jiddiy raqib, ular Kongo DRdan kuchliroq. O‘zbekiston bilan o‘yinda oson sayr bo‘lmasligi aniq», — deya agentning so‘zlarini keltiradi «RB Sport».
Barbozaning fikricha, Portugaliya terma jamoasi o‘z o‘yinini, ayniqsa, hujum chizig‘idagi harakatlarini qayta qurishi lozim.
Guruh bosqichining 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya — O‘zbekiston uchrashuvi 23 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bosh hakamning start hushtagi Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da yangraydi.