
«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov va «Surxon» klubining 18 yoshli futbolchisi Behruz Karimov manfaatlarini himoya qiluvchi agent G‘ayrat Xasbiullin yosh himoyachining jahon chempionatigacha bo‘lgan og‘ir sinovlari haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Karimov 12 aprel kuni O‘zbekiston Superligasi doirasidagi o‘yinda oyoq panjasining beshinchi metatarzal suyagini sindirib olgan. Dastlab shifokorlar gips qo‘yib, uzoq muddatli tiklanishni tavsiya qilishgan va bu holat uning mundialda ishtirok etish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqargan.
«Biroq keyinchalik qo‘shimcha tekshiruv uchun Toshkentga qaytishga qaror qilindi. Jarayonga mamlakatning eng yaxshi sport tibbiyoti mutaxassislaridan biri Dilshod Ashirov jalb etildi. Germaniya va Italiyadan mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi va barcha bir qarorga keldi: tezroq tiklanish uchun kichik invaziv operasiya zarur edi», — dedi Hasbiullin.
Operasiya Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ammo eng og‘ir vazifa futbolchini bir yarim oydan kam vaqt ichida maydonga qaytarish edi.
Bu jarayonda «G‘azalkent» futbol klubi muhim rol o‘ynadi. Karimov milliy terma jamoalar markazida yashab, klub shifokorlari va reabilitologlari nazorati ostida tiklanish kursini o‘tadi. Shuningdek, klub O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan maxsus uskunalarni xorijdan olib keldi.
Keyinchalik O‘zbekiston terma jamoasining italiyalik tibbiy shtabi ham ishga qo‘shildi. Fabio Kannavaro tashabbusi bilan jalb qilingan mutaxassislar mahalliy va xorijlik shifokorlar bilan doimiy hamkorlik qildi.
«Bir necha hafta avval imkonsizdek ko‘ringan narsa amalga oshdi. O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionati o‘yinida Behruz Karimov maydonga tushdi va munosib debyut qildi. Bu nafaqat yosh futbolchining jasorati, balki bir maqsad yo‘lida birlashgan mutaxassislar mehnatining ham natijasidir», — dedi Xasbiullin.
Eslatib o‘tamiz, Karimov Kolumbiyaga qarshi bahsning so‘nggi daqiqalarida maydonga tushib, kuchli zarbasi bilan to‘sinni nishonga olgan edi.
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatidagi navbatdagi uchrashuvini 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.