JCH-2026. Ikkinchi turdagi Osiyoni tanib bo'lmayapti

  • Mr.NoBoDy 22.06.2026 16:16
  • 185
  • 30

Jahon chempionati Osiyo jamoalari ishtirokidagi bir nechta sensatsiyalar bilan boshlangandi.

Mundialning ilk turida Osiyoning 9 jamoasi 10 ochko to'pladi. Janubiy Koreya bilan Avstraliya o'z hisoblariga uch ochkodan yozib qo'ygan bo'lsa, Qatar, Yaponiya, Eron va Saudiya Arabistoni durang qayd etdi. Lekin qolgan uch o'yinda qitamiz vakillaridan omad yuz o'girdi. O'zbekiston va Iordaniya bir xil 1:3 hisobida mag'lub bo'ldi. Iroq esa Norvegiyaga bitta gol urib, o'z darvozasidan to'rtta gol o'tkazdi.

1-tur natijalari:

Janubiy Koreya - Chexiya 2:1

Qatar - Shveytsariya 1:1

Avstraliya - Turkiya 2:0

Niderlandiya - Yaponiya 2:2

Eron - Yangi Zelandiya 2:2

Saudiya Arabistoni - Urugvay 1:1

Iroq - Norvegiya 1:4

Avstriya - Iordaniya 3:1

O'zbekiston - Kolumbiya 1:3

Birinchi turda Osiyo hartugul o'zini ko'rsata olgandi, bu esa qitamiz futboli rivoj topayotganidan darak edi. Ammo ikkinchi tur boshlandi hamki, mag'lubiyatlar ko'payib ketdi. Avvaliga zerikarli bahsda Janubiy Koreya Meksikaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Keyin Kanada Qatarni 6:0 hisobida "sochib tashladi". Osiyoning ketma-ket ikki karra chempioni Qatardan ochig'i bunday natija kutmagandik.

Ilk turda Turkiyani mag'lub etgan Avstraliya bu gal shu hisob bilan AQSHga engildi. Yaponiya terma jamoasi mag'lubiyatsiz yurishini davom ettirib, Tunisdan 4:0 hisobida ustun keldi. Eron esa Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biri Belgiya bilan durang qayd etdi. Lekin Saudiya Arabistoni Ispaniyaga qarshi yirik mag'lubiyatni qabul qilib oldi.

gettyimages-2282395150-2048x2048.jpg

2-tur natijalari

Meksika - Janubiy Koreya 1:0

Kanada - Qatar 6:0

AQSH - Avstraliya 2:0

Tunis - Yaponiya 0:4

Belgiya - Eron 0:0

Ispaniya - Saudiya Arabistoni 4:0

23 iyun. Fransiya - Iroq

23 iyun. Iordaniya - Jazoir

23 iyun. Portugaliya - O'zbekiston

Ikkinchi turda o'z o'yinini o'tkazmagan Osiyoning uch jamoasi qoldi. Qolgan uch bellashuvdan ikkitasi biz uchun ko'proq diqqat-markazda turadi. Iroq navbatdagi turni Fransiyaga qarshi o'tkazsa, O'zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya bilan kurash olib boradi va har ikkala o'yin muxlislar uchun nihoyatda qiziqarli bo'ladi. Qitamizning yana bir vakili Iordaniya bu turni Jazoirga qarshi o'tkazadi.

Katta musobaqalarda Osiyo jamoalarini kuzatish maroqli. Biz OFK vakili ekanmiz o'zimiz qatori tabiiyki boshqalarni ham ko'rib boramiz. Ushbu mundialda Yaponiya alohida daraja ekanini namoyish eta olyapti. Eron ham anoyilardan emas va hozircha hisobida ikki ochko bor. Yaponiya va Eronda futbol ancha rivojlangan. Janubiy Koreya ham uchinchi turda o'zini ko'rsata olishi mumkin.

gettyimages-2282674086-2048x2048.jpg

Hozircha mundialning ikkinchi turida faqat Yaponiya to'p kirita oladi. Eron ham Belgiya darvozasiga juda chiroyli gol urgandi, lekin o'yindan tashqari holat sabab gol hisobga olinmadi. Ikkinchi turning 6ta uchrashuvidan so'ng Osiyo jamoalari hisobida hozircha to'rt ochko bor. Buyog'iga yana uchta bahs bo'lib o'tishini hisobga olsak, necha ochko jamg'arish ehtimolini aytish juda qiyin bo'ladi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi ertaga kech soat 22:00da Portugaliya bilan kuch sinashadi. Portugaliyaning ilk turda Kongoni mag'lub eta olmagani hech narsa emas. Portugaliya hamon guruh favoriti va o'ylashimcha, Kolumbiyadan kuchli.

Ertaga bizning yigitlarni Krishtianu Ronalduga qarshi ajoyib bahs kutmoqda. Bu o'yin nihoyatda qiyin bo'ladi, terma jamoamizga oxirigacha kurashishni tilab qolamiz. Ronaldu, Brunosi bor Portugaliya bilan rasmiy o'yinlarda maydonga tushishni yaqin orada tasavvur qila olmasdik, bugun esa shunday kunlar keldi. Bu jamoani o'rtoqlik uchrashuviga ko'ndira olmasmiz, lekin rasmiy taqvim har qanday jamoani har qanday raqibga ro'baro' qilib qo'yadi. Futbol shunisi bilan qiziq. Ertaga Ronalduning ashaddiy ishqibozlari ham unga qarshi tursa ajab emas.

X.Xoliqov.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar