Messi XXI asrda milliy jamoalar safida eng ko‘p xet-trik qayd etgan futbolchiga aylandi

  • Mr.NoBoDy 17.06.2026 22:44
  • 5725
  • 30

Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi XXI asrda milliy jamoalar safida eng ko‘p xet-trik qayd etgan futbolchiga aylandi. Bu haqda Transfermarkt ma’lum qildi.

JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Jazoirga qarshi o‘yinda (3:0) qayd etilgan xet-trik Messi uchun Argentina terma jamoasi safidagi 11-xet-trik bo‘ldi.

Shu tariqa, argentinalik yulduz ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yakka peshqadamga aylandi. Avvalroq u Krishtianu Ronaldu bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turgan edi. Reytingning uchinchi pog‘onasidan esa BAA terma jamoasi hujumchisi Ali Mabxut o‘rin olgan bo‘lib, uning hisobida 9 ta xet-trik bor.

Jazoirga qarshi uchrashuv Messiga jahon chempionatlari tarixida yana bir rekordni taqdim etdi. U 38 yoshu 358 kunligida mundiallar tarixidagi eng yoshi katta xet-trik muallifiga aylandi.

Bu boradagi avvalgi rekord Krishtianu Ronalduga tegishli edi. Portugaliyalik yulduz JCH-2018da Ispaniya darvozasiga uchta gol kiritganida 33 yoshu 130 kunlik bo‘lgan.

Jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi katta xet-trik mualliflari uchligiga yana niderlandiyalik Rob Rensenbrink ham kiradi. U JCH-1978da Eronga qarshi bahsda 30 yoshu 335 kunligida xet-trik qayd etgan edi.

Jahon chempionatlaridagi eng yoshi katta xet-trik mualliflari:

1. Lionel Messi — 38 yosh, 358 kun
2. Krishtianu Ronaldu — 33 yosh, 130 kun
3. Rob Rensenbrink — 30 yosh, 335 kun

Ўхшаш янгиликлар