
O'zbekiston milliy terma jamoasi Kolumbiyaga qarshi kechadigan o'ta muhim uchrashuvga qizg'in hozirlik ko'rishni davom ettirmoqda. Butun mamlakat nigohi bo'lajak sinovga qaratilgan bir paytda, biz o'zbek futboli ichidagi taniqli insonlar va mutaxassislarning fikrlari bilan qiziqishda davom etamiz.
Bu safar bo'lajak uchrashuv ahamiyati, jamoamizning ruhiy holati va kutilayotgan bahs umumiy manzarasi haqida O'zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev o'z mulohazalarini o'rtoqlashdi:
- Osiyo terma jamoalarining o'yinlariga qanday baho berasiz? Bu haqiqatdan real natijami yoki ishtiyoq hisobiga shunday bo'lyaptimi?
- Bu real natija hisoblanadi. Osiyo futboli asta-sekinlik bilan rivojlanmoqda. To'g'ri, biz o'rganib qolgan Yevropa gigantlari, YCHLdagi kuchli jamoalarga taqqoslay olmaymiz. Lekin umumiy o'sish nuqtayi nazaridan olsak Osiyoda futbolga oid juda ko'plab ishlar amalga oshirildi. Buning natijalari ko'rinmoqda. Qolgan jamoalar bundandan yaxshi natija ko'rsatadi. Ular orasida O'zbekiston ham o'z o'yinini namoyish qila oladi.
- Avstraliya - Turkiya o'yini ssenariysi O'zbekiston bilan takrorlanishi mumkinmi?
- Bu Jahon chempionati. Ko'pchilik o'z qarashi, fikriga ega. Xattoki o'sha jamoalar murabbiylari ham o'yinni oldindan borishini aytib bera olmaydi. Bu ko'plab faktorlarga bog'liq. Favoritlar faqat o'yindan oldin sonlarda aks etyapti, maydonda boshqa o'yin kechyapti. Shuning uchun biz bu jamoalar kabi o'ynaymiz deya olmaymiz. Murabbiylar shtabi, futbolchilarimiz o'z o'yinimizni kutyapti. Natija qanday bo'lishidan qatiy nazar o'z futbolimizni ko'rsatishimiz kerak.
- Birinchi o'yindan oldingi hissiyotlar...
- Ilk uchrashuv katta qiziqish bilan kutilmoqda. Ushbu bellashuv dunyoning eng kuchli futbolchilariga qarshi kechib, yigitlarimizning haqiqiy darajasini aniqlab beradi va o'zbek futboli nufuzini xalqaro maydonda namoyish etishga xizmat qiladi.
- O'zbekiston terma jamoasida Kolumbiya bilan o'yindan avval qanday ustunlik va kamchilik bor deb o'ylaysiz?
- Hozir ustunlik yoki kamchiliklarimizni muhokama qilib o'tiradigan vaqt emas. Biz mana shu yuqori darajaga yetib keldik. Musobaqada faqat eng kuchli jamoalar yig'ilgan va bundan buyog'iga kim o'z imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalana olsa, o'sha natijaga erishadi. Kolumbiyaning kuchli jamoa ekanligini inkor etmaymiz, biroq bu ulardan qo'rqishimizni yoki ulardan zaifroq ekanimizni anglatmaydi. Buni hamma tushunib turibdi. Raqibga hurmat saqlagan holda o'z o'yinimizni namoyish etishimiz kerak. Bu bahsda faqatgina bir o'yin natijasiga emas, balki umumiy manzaraga e'tibor qaratish zarur. Bu uchrashuv bizga keyinchalik qaysi yo'nalishda davom etishimiz kerakligini ko'rsatib beradi va asosiy kun tartibini belgilaydi.