
Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman Jahon chempionati guruh bosqichi 1-turida Kyurasao ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng futbolchilarga dam olish kuni berdi.
Kyurasao bilan o‘yin 14 iyun kuni Sharlottda bo‘lib o‘tdi va unda nemislar 7:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Murabbiyning jamoaga ikki kunlik ta’til berish qarori yuklamani kamaytirish va futbolchilarning ruhiy jihatdan tiklanishiga imkoniyat yaratish istagi bilan bog‘liq. Navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik chorshanba, 17 iyun kuni jamoa bazada mashg‘ulotlarni boshlaganida qayta tiklanadi.
Guruh bosqichining 2-turida Germaniya Kot-d'Ivuar bilan to‘qnash keladi. Uchrashuv 20 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Nemislar Ekvador va Kyurasao jamoalari ham joy olgan «E» guruhida ishtirok etmoqda. 1-turdan so‘ng Germaniya uch ochko bilan guruhda peshqadamlik qilmoqda.