"BuxDU" bosh murabbiyi Azamat Sharipov: "Shakllanib olishimiz uchun qishki yig'in etarli bo'lmadi"

  • Mr.NoBoDy 15.04.2026 20:48
  • 326
  • 30

Proliga 3-turidan o'rin olgan "Respublika FA" – "BuxDU" (1:0) uchrashuvidan keyin "Buxdu" bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor Respublika futbol akademiyasini g'alaba bilan tabriklayman. O'yin og'ir kechdi. Birinchi taymni yaxshi o'tkazdik, reja asosida ish olib bordik. Ammo futbolda mayda detallar ko'p narsani hal qiladi. Bugungi bahs ham shunday bo'ldi. Biz kichik-kichik xatolarga yo'l qo'yib, buning oqibatida gol o'tkazdik. Oddiy autdan so'ng gol urildi. O'yin jihatdan rivojlanyapmiz deb ayta olaman, faqat ozgina vaqt kerak. Keyingi uchrashuvlarda yanayam yaxshiroq harakat qilamiz.

- Bugun jamoangiz gol o'tkazganidan so'ng o'yin oxirigacha yaqqol vaziyat yarata olmadi. To'g'ri, oldinga harakat bor, lekin golga tortadigan holatni ko'rmadik.

- Bunga avvalo raqib yo'l qo'ymadi. Bugun raqibimiz goldan keyin ham bizni yuqorida kutib oldi. "Respublika FA"ning o'yini shakllanib ulgurgan, tarkibida yoshlar ko'p va ular oxirigacha yuguryapti. Biz mavsumga tayyorgarlikni kech boshladik. Proligada qatnashishimiz ham oxirida aniq bo'ldi. Shakllanib olishimiz uchun qishki yig'in etarli bo'lmadi, shu bois musobaqada shakllanib olishga harakat qilyapmiz.

- Ketma-ket uchta mag'lubiyat tufayli asosiy karvon, yani boshqalar oldinga kyetib qolishidan xavotir yo'qmi?

- Endi bu futbol. Hali o'yinlar ko'p va biz ham o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz.

- Rahbariyat tomonidan jamoa oldiga vazifa qo'yilganmi?

- Rahbariyat albatta natija talab qiladi. O'z navbatida biz ham g'alaba uchun maydonga chiqamiz. Yigitlar qo'ldan kelgancha harakat qilyapti, faqat yana shakllanishimiz kerak. Natija bo'lishi uchun vaqt kerak deb o'ylayman.

IMG_20260415_192656.jpg

Ўхшаш янгиликлар