Mayamidagi kompaniya Lionel Messini firibgarlikda ayblab sudga berdi

  • Mr.NoBoDy 15.04.2026 21:00
  • 215
  • 30

Mayamida joylashgan, sport va musiqiy tadbirlarni tashkil etishga ixtisoslashgan VID kompaniyasi «Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi va Argentina futbol assosiasiyasini (AFA) shartnoma shartlarini buzganlikda ayblab sudga berdi. Bu haqda TMZ nashri xabar tarqatmoqda.

VID kompaniyasi Argentina futbol assosiasiyasi bilan o‘tgan yilning oktyabr oyida milliy terma jamoaning Venesuela (1:0) va Puerto-Rikoga (6:0) qarshi ikkita ko‘rgazmali o‘yinini o‘tkazish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarni sotib olish uchun 7 million dollarlik kelishuv imzolagan edi.

Kelishuvga ko‘ra, agar Messi jarohat olmagan bo‘lsa, har bir uchrashuvda kamida 30 daqiqa maydonda harakat qilishi kerak edi. Biroq, argentinalik yulduz Venesuela bilan o‘yinda ishtirok etmadi, vaholanki, ertasi kuni MLS doirasidagi «Atlanta»ga qarshi bahsda (4:0) maydonga tushib, dubl qayd etdi va golli uzatmani amalga oshirdi.

Kompaniya 38 yoshli superyulduzning maydonga tushmagani sababli millionlab dollar zarar ko‘rganini da’vo qilmoqda va barcha yo‘qotishlar qoplanishini, shuningdek, qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishini talab qilmoqda.

Ўхшаш янгиликлар