
- O'yin haqida fikringiz?
- Bu biz uchun Proligadagi dastlabki tarixiy g'alaba bo'ldi. Shuning uchun bu albatta esda qolarli o'yin bo'ladi. Avvalgi ikki turda raqiblarga ko'proq kurash va himoyaviy futbol taklif qilgan bo'lsak, bugun super deya olmayman-u, lekin jamoamiz yosh bo'lishiga qaramay o'z darajamizni namoyon eta oldik. Nasib qilsa yana rivojlanishda davom etamiz. Kamchiliklar etarli, ishlaydigan jihatlarimiz ko'p. Oldinda tur uchrashuvlari va O'zbekiston Kubogi o'yinlari bor. Barchamizni qiziqarli va uzoq mavsum kutmoqda.
- O'tgan tur jamoangizning "Metallurg"ga qarshi bahsini kuzatgandim. Futbolchingiz uzoq masofadan chiroyli gol urdi. Bugun ham uzoqdan yaxshi zarbalar berildi va bu borada mashg'ulotlarda ishlanayotgani sezilib turibdi. Uzoqdan noodatiy zarbalar yo'llanishi jamoangiz "fishkasi"ga aylanib boryaptimi?
- Bu borada to'g'ri ta'kidlab o'tdingiz va haqiqatan e'tibor beribsiz. Uzoqdan yaxshi zarba bera oladigan futbolchilarimiz etarli. Hozir ko'p jamoalar zich himoyaga urg'u beryapti va yaxshi himoyalanyapti. Ayniqsa bugungi raqibimiz maydonning o'z qismida zich himoyada o'ynashini bilgandik. Shu sababli o'yindan oldin yigitlarga vaziyat bo'ldimi darvozaga zarba berish kerak deb uqtirdik.
- Himoya chizig'i "BuxDU"ga qarshi ancha yuqorida harakat qildi. Butun mavsum davomida himoyachilardan shunday o'yin ko'ramizmi yoki bu usul raqiblarga ko'ra o'zgaradimi?
- To'g'risi, juda professional savol beryapsiz va bu meni xursand qilmoqda. (Savol beruvchi saytimiz yetakchi mutaxassisi Tolibjon Qosimov - tahririyat). Bu ham bizda futbol jurnalistikasi qay darajada rivoj topayotganini ko'rsatadi. Siz futbolni murabbiy ko'zi bilan ko'ryapsiz.
Hozirgi futbolda bilamizki, chiziqlar orasida bo'shliq yuzaga kelsa yaxshi jamolar albatta jazolaydi. Chiziqlar zichligiga katta e'tibor qaratganmiz. Bugun raqibni yuqorida kutib olganimiz sababli himoya chizig'imiz ham yuqorida o'ynashga to'g'ri keldi. Buning ham qaltis tomonlari bor, masalan yuqoriga chiqqanda orqa bo'sh qolib kyetishi va jazolanishingiz mumkin. Lekin bular ustida ham ishlayapmiz. Biz yoshlarni katta futbolga va katta o'yinlarga tayyorlab borishimiz kerak. Qayerdadir xatolar bo'ladi, balki gol ham o'tkazarmiz, ammo maqsadimiz shunday o'yinlarga tayyorlash.