
TMZ Sports nashrining xabar berishicha, Mayamida joylashgan "VID" promouterlik kompaniyasi futbolchi va tashkilot ustidan sudga davo arizasi kiritgan.
Gap 2025 yilning oktyabr oyida bo'lib o'tgan o'rtoqlik uchrashuvlari haqida ketmoqda. Davogarning takidlashicha, kompaniya 7 million dollar evaziga Argentina milliy terma jamoasining Venesuela va Puerto-Rikoga qarshi bahslarini tashkil etish huquqini sotib olgan. Shartnomaga ko'ra, Messi agar jarohati bo'lmasa, har bir o'yinda kamida 30 daqiqa maydonda harakat qilishi kerak edi.
Biroq voqealar rivoji quyidagicha ko'rinish olgan:
11 oktyabr: Messi Venesuelaga qarshi o'yinni (1:0) o'tkazib yubordi.
12 oktyabr: Oradan bor-yo'g'i bir kun o'tib, Leo MLS doirasida "Atlanta Yunayted"ga qarshi bahsda maydonga tushdi va dubl hamda assist qayd etdi.
14 oktyabr: Puerto-Riko bilan o'yinda (6:0) Messi to'liq harakat qildi.
"VID" kompaniyasi Messining Venesuela bilan o'yinda qatnashmasdan, o'z klubi safida maydonga tushganini shartnoma shartlarini buzish va "firibgarlik" deb baholamoqda. Shuningdek, kompaniya Messi va uning oilasi uchun o'yinni tomosha qilish uchun mehmonxona xarajatlarini ham qoplab berganini davo qilmoqda.
AFA vaziyatni yumshatish uchun 2026 yilda Xitoy milliy terma jamoasiga qarshi o'yin tashkil etib berishni vada qilgan, biroq bu uchrashuv ham amalga oshmagan. Endilikda promouterlar bir necha million dollar miqdoridagi zararni qoplashni talab qilishmoqda.
Argentina tomoni ushbu ayblovlarga hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo'q.